2024-yil 27-oktyabr kuni mamlakatimizda yirik siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar, tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi. O'zbekiston tarixida birinchi marotaba aralash saylov tizimi asosida o‘tgan parlament saylovlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ham katta qiziqish bilan qarshi olindi.
Qolaversa, mazkur tizimning joriy etilishi siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib, jamiyatimizdagi demokratik muhitga yangi quvvat bag‘ishlagani saylovoldi tashviqoti davomida yaqqol namoyon bo‘ldi. Saylovni 65 ming ziyod mahalliy kuzatuvchilar, 850 dan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib bordi, 1 000 dan ortiq mahalliy va xorijiy OAV vakillari keng yoritishda ishtirok etdi.
Joriy yilning 28-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning dastlabki natijalari e’lon qilindi.
Shundan kelib chiqib, 29-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning 74,72 foizi ishtirok etganligi hamda saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalarning har biri saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yetti foizidan ko‘p ovoz to‘plaganligi sababli 2024-yil 27-oktyabrda o‘tkazilgan yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovi o‘tgan va haqiqiy deb topildi.
Shuningdek, hududiy saylov komissiyalarining siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarni aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalariga asosan yagona saylov okrugi bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov natijalarini belgilash va deputatlik mandatlarini siyosiy partiyalar o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.
Yagona saylov okrugi bo‘yicha Qonunchilik palatasiga saylovida deputatlik o‘rinlari siyosiy partiyalar o‘rtasida quyidagicha taqsimlandi:
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi – 26 ta deputatlik o‘rni;
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi – 14 ta deputatlik o‘rni;
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi – 13 ta deputatlik o‘rni;
O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi – 12 ta deputatlik o‘rni;
O‘zbekiston Ekologik partiyasi – 10 ta deputatlik o‘rni.
Majlisda yuqoridagi taqsimotga asosan Markaziy saylov komissiyasining bayonnomasi rasmiylashtirilib, qaror bilan tasdiqlandi.
Bundan tashqari, qaror bilan deputatlik mandatlari taqsimlangan siyosiy partiyalar va partiya ro‘yxati bo‘yicha saylangan deputatlarga xabarnomalar yuborish belgilandi.
Shundan so‘ng, Markaziy saylov komissiyasi ularni Qonunchilik palatasi deputati etib ro‘yxatga oladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122214 | Инструменты