Alyaskadagi Elmendorf-Richardson harbiy bazasida Rossiya va AQSh prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu ularning 2019-yildan beri birinchi shaxsiy uchrashuvi, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan beri Putinning AQSh prezidenti bilan birinchi uchrashuvi (2021-yil yozida u Jo Bayden bilan uchrashgan) va Putinning 2015-yildan buyon AQShga ilk safari edi.
Uchrashuv ikki yarim soatdan ortiq davom etdi. Avvaliga prezidentlar yakkama-yakka (tarjimonlar ishtirokida) gaplashadi deb taxmin qilingan edi, biroq boshlanishidan biroz oldin format o‘zgartirildi - muzokaralarda Putin va Tramp bilan birga tashqi siyosat departamentlari rahbarlari Marko Rubio va Sergey Lavrov, shuningdek, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff va prezident yordamchisi Yuriy Ushakov ishtirok etdi.
Aftidan, jiddiy kelishuvlarga erishilmagan. Muzokaralardan so‘ng Putin va Tramp matbuotga chiqib, o‘z bayonotlarini o‘qib berishdi – Rossiya prezidenti sakkiz daqiqaga yaqin, AQSh prezidenti – to‘rt daqiqadan kam gapirdi.
Putin Trampga mehmondo‘stligi uchun minnatdorchilik bildirib, Ukrainadagi “mojaroning asl sabablarini yo‘q qilish” zarurligi haqidagi bayonotlarini takrorladi va agar Tramp 2022-yilda prezident bo‘lganida urush boshlanmasligini aytdi. Tramp, oʻz navbatida, “hali hech qanday kelishuv yoʻq”, biroq tomonlar “katta yutuqlarga erishganini” aytdi va yana Putin urushni tugatishni xohlayotganiga ishonch bildirdi. AQSh prezidenti Putinni tez orada yana ko‘rishga umid qilishini aytdi va Putin ingliz tilida “Keyingi safar Moskvadami?” deb so‘radi. Shundan so‘ng prezidentlar jurnalistlarning savollariga javob bermay xonani tark etishdi.
Sammit dasturi qisqartirildi. Dastlab prezidentlarning uchrashuvi kengaytirilgan tarkibda (har biri besh kishidan) ishchi tushlik bilan yakunlanishi kerak edi, biroq u bekor qilindi. Matbuot anjumanidan so‘ng darhol Putin Elmendorf-Richardson harbiy-havo bazasida dafn etilgan sovet uchuvchilari qabriga gul qo‘yish uchun bordi va Sitka va Alyaska arxiyepiskopi Aleksey bilan uchrashdi. Ko'p o'tmay uning samolyoti Rossiyaga qaytib ketdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 81609 | Инструменты