O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 iyun kuni Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi. Chilonzor metro liniyasini uzaytirish va Yangi Toshkent shahri tomon yangi yo‘nalish barpo etish loyihalari shular jumlasidandir.
Yangi Toshkent metrosi 21 km uzunlikda bo‘lib, 9 ta bekatni o‘z ichiga oladi. U “Do‘stlik” (sobiq “Chkalov”) bekatidan boshlanib, poytaxtning yangi maʼmuriy markazigacha davom etadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu liniya kuniga 230 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davronjon Adilov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida Yangi O‘zbekiston ko‘chasi, Olimpiya shaharchasi va «Yangi O‘zbekiston» bog‘i chorrahasida faol qurilish ishlari olib borilayotganini maʼlum qildi. Bu yerda yangi tarmoqning uchinchi bekati joylashadi.
Loyiha Turkiyaning Doğuş Holding kompaniyasi bilan birgalikda yer osti va yer usti texnologiyalaridan foydalangan holda amalga oshirilmoqda, dedi u.
Taqdimotga ko‘ra, Turkiyaning «Arcon Project» va Rossiyaning “Mosinjproyekt” injiniring kompaniyalari ham jalb qilingan. “Mosinjproyekt” — 100 foiz Moskva hukumatiga tegishli xolding. 2011 yildan buyon Moskva metropolitenining yangi stansiyalari qurilishida texnik buyurtmachi, bosh loyihachi va bosh pudratchi vazifasini bajarib kelmoqda. Kompaniya ishtirokida 170 kilometrdan ortiq metro liniyalari va 79 ta yangi metro bekati ishga tushirildi, 12 ta elektr deposi qurildi va rekonstruksiya qilindi.
Doğuş Holding (Doğuş Group) — Turkiyadagi eng yirik xususiy guruhlardan biri bo‘lib, 1951 yilda Ayhan Shahenk tomonidan tashkil etilgan, shtab-kvartirasi Istanbulda joylashgan. Bugungi kunda xolding tarkibida 250 dan ortiq kompaniya mavjud. Xodimlar soni — qariyb 26 ming kishi. Faoliyat sohasi: avtomobillar dileri (Audi, Porsche, VW va boshqalar), qurilish, media (shu jumladan NTV, Star TV), mehmonxona biznesi, energetika, ko‘chmas mulk, texnologiyalar. U Turkiyada, shuningdek, Sofiya (Bolgariya) va Mumbayda (Hindiston) metro liniyalarini qurishda ishtirok etgan.
Yer osti uchastkasining bir kilometri (tonnellarni monolit usulida qurish) taxminan 8 mln dollarga baholanmoqda.
Yangi metro liniyasida butun sayohat davomiyligi minimal 6 daqiqalik interval bilan 24 daqiqani tashkil etishi kutilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61723 | Инструменты