Huawei 1
100 yillik tarix obyektivda: poytaxtda Toshkent hayvonot bog‘iga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi

19-20-oktabr kunlari Toshkent Fotosuratlar uyida Toshkent hayvonot bog‘ining 100 yilligiga bag‘ishlangan “Tarix obyektivda” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada hayvonot bog‘i arxividan olingan, hayvonot bog‘ining hayratlanarli tarixi va hayvonlarning xilma-xilligini aks ettiruvchi yuzdan ortiq fotosuratlar namoyish etildi.

“Bugungi ko’rgazmada 1937-yildan hozirgacha bo’lgan suratlar o’rin olgan. Bunda Toshkent hayvonot bog’ining arxiv suratlaridan foydalanildi. Ko’rgazmada jami 100 dan ortiq suratlar qo’yilgan va ularda 80 dan ortiq hayvonot turlari aks etgan, - dedi Toshkent hayvonot bog’i ilmiy-ma’rifiy bo’lim mudiri Hakim Samedov. - Umuman olganda, hayvonot bog’ida 350 turdan ortiq hayvonlar mavjud va ularning umumiy soni 10000 tadan ortiqni tashkil qiladi”.

Ko‘rgazma ko‘plab mehmonlarni, jumladan, poytaxt aholisini ham, shahar mehmonlarini ham o‘ziga jalb qildi. Hayvonot bog'i va uning aholisi hayotining lahzalarini aks ettiruvchi noyob arxiv fotosuratlarini ko'rish uchun turli yoshdagi odamlar tashrif buyurishdi. Hayvonot bog'iga birinchi bo’lib olib kelingan va ushbu muassasaning ramziga aylangan hayvonlarning noyob tasvirlarini ko'rish imkoniyati ko'pchilikni o'ziga tortdi.

“Ko'rgazma juda chiroyli tarzda yaratilgan bo'lib, o'zining rang-barangligi va ma'lumotlarning ko'pligi bilan e’tiborga molikdir. Hayvonot bog‘i doimiy ravishda kengayib, poytaxt aholisi va mehmonlarini quvontirmoqda. Hayvonot bog‘ining yanada rivojlanishini, hududi kengayishini va tashrif buyuruvchilar soni ko‘payishini istaymiz”, — dedi ko‘rgazma tashrif buyurgan Lyudmila Gavrilitsa.

Suratda hayvonot bog‘ining rivojlanishiga o‘z kuchlarini sarflagan va uy hayvonlariga g‘amxo‘rlik qilgan xodimlar ham aks etgan.

Ma’lumot uchun: Toshkent hayvonot bog‘i poytaxt aholisi va mehmonlari uchun eng mashhur dam olish maskanlaridan biridir. Bugungi kunda uning maydoni 21,5 gektar bo'lib, 2000-yildan boshlab Yevro-Osiyo hududiy hayvonot bog‘lari va akvariumlar assotsiatsiyasining to‘liq a’zosi hisoblanadi. 2019-yildan boshlab global ZIMS dasturi hayvonot bog‘larida hayvonlarni qayd etishda qo‘llanila boshlandi va 2023-yil yanvar oyidan boshlab u Janubi-Sharqiy Osiyo hayvonot bog‘lari assotsiatsiyasining sho‘ba a’zosi sifatida qabul qilindi.

Ta’kidlash joizki, Toshkent hayvonot bog‘i bioxilma-xillikni saqlashning muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Zoologik parkda mamlakatimizning turli hududlarida yashovchi noyob, yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan hayvonlarning koʻplab turlari mavjud va koʻpaytiriladi: Oʻrta Osiyo toshbaqasi, oʻrmon mushugi, jayron, kulan, echki, buxoro bugʻusi, qumay va boshqalar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102201 | Инструменты