Huawei 2
14-iyun - Butunjahon donorlar kuni!

2005-yil may oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro Assambleyasida dunyo davlatlari sog‘liqni saqlash vazirlari yakdillik bilan beg‘araz qon donorligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taklifni ma’qullagan edi.

Shundan buyon har yili "14 iyun — Butunjahon donorlar kuni" sifatida keng nishonlanadi. Yurtimizda ham ushbu sanaga bag‘ishlangan turli tadbirlar, xayriya aksiyalari o‘tkazish ezgu an’anaga aylangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, har bir mamlakat o‘z aholisining qonga bo‘lgan talabini qondirish uchun 1000 nafar kishiga donorlar soni 30 nafar va undan ortiq bo‘lishi, qon komponentlari bilan ta’minlash uchun esa donorlar soni har 1000 nafar kishiga 10 nafar yoki aholi soniga nisbatan 1 foizni tashkil etishi zarur.

O‘zbekistonda esa bu raqam 5 nafarga to‘g‘ri keladi. Agar mazkur ko‘rsatkich 10 nafarga oshsa, xalqimizning qonga bo‘lgan talabi 100 foizga qoplanadi. Agar 50 nafar odam qon topshirsa, nafaqat talab qondiriladi, balki qon plazmasini qayta ishlash orqali albumin, immunglobulin kabi dori preparatlari tayyorlash mumkin.

Ma'lumot o'rnida, 2020-yil yurtimizda 95,5 tonna sof qon tayyorlangan bo‘lsa, bu raqam 2019-yilda 96,5 tonna, 2018-yilda esa 85,2 tonnani tashkil etdi. 2021-yilda esa tibbiyot muassasalariga 113 tonna sifatli qon yetkazib berildi.

Mamlakatimizda 18 yoshdan 60 yoshgacha, vazni 50 kilogrammdan yuqori, gemoglabin miqdori me’yorida bo‘lgan (erkaklarda 128 g/l, ayollarda 120 g/l) har bir shaxs donor bo‘lishi va yiliga 4 marta qon topshirishi mumkin. Har bir topshirilgan qonning maksimal miqdori 450 millilitrga teng.

So‘nggi yillarda O'zbekistonda noyob yurak operatsiyalari, inson tana a’zolarini ko‘chirib o‘tkazish kabi murakkab jarrohlik amaliyotlarining yo‘lga qo‘yilishi hamda xavfli kasalliklar diagnostikasining yaxshilanishi sababli sifatli qon komponentlariga bo‘lgan ehtiyoj yanada ortdi.

Shu sababli joriy yil mart oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan “Qon topshir – hayot in’om et!” xayriya aksiyasi o‘tkazildi va unda tibbiyot xodimlari birinchilardan bo‘lib qon topshirdi.

Aytish joizki, mamlakatimizda o‘z qonini kamida 40 marta, qon komponentlarini 60 marta topshirgan kishilar faxriy donor hisoblanadi. Yurtimizda ana shunday mehrli va qalbi ezgulikka to‘la insonlar “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni va bir yo‘la to‘lanadigan pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Shu o‘rinda Sog‘liqni saqlash vazirligi yurtdoshlarimizni beg‘araz donor bo‘lishga va yordamga muhtoj bemorlarga ko‘mak berishga chaqirmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga