Prezident Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev 22-oktabr kuni Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hayʼati raisi Baqitjan Sagʻintayevni qabul qildi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning kuzatuvchi davlat sifatida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan oʻzaro manfaatli hamkorligi izchil kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

YOII mamlakatlari bilan oʻzaro savdo va investitsiyalar hajmi barqaror oʻsib bormoqda, logistika aloqalari mustahkamlanmoqda.

Oʻzbekiston ittifoqning savdo va yuk tashish sohalarini raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish, iqlim masalalari kabi asosiy sohaviy dasturlarida faol ishtirok etmoqda.

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi bilan qoʻshma ishchi guruhning 4 ta yigʻilishi oʻtkazildi. Texnik tartibga solish tizimlarini oʻzaro yaqinlashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Joriy yil yakuniga qadar ishchi guruhning navbatdagi uchrashuvini oʻtkazish yuzasidan kelishuvga erishildi. Savdo toʻsiqlarini qisqartirish, kooperatsiyani chuqurlashtirish, bojxona va transport tartib-taomillarini raqamlashtirishga qaratilgan yangi Hamkorlik rejasini qabul qilish muhimligi taʼkidlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102220 | Инструменты