Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi joriy o‘quv yili uchun OTMlarga qabul masalalari yuzasidan ma'lumot berdi
AOKAda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Bilimni baholash agentligi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida joriy o‘quv yili uchun OTMlarga qabul masalalari yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
1. Abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish.
2023-2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish 20-iyun kuni boshlandi. Ro‘yxatga olish Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn tarzda amalga oshirilmoqda va 20-iyulga qadar davom etadi.
Bunda chet tili fanidan tinglab tushunish, o‘qish, yozish, gapirish kompetensiyalarini aniqlash va baholashga qaratilgan ijodiy imtihon o‘tkaziladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga abituriyentlarni ro‘yxatga olish 10 iyul kuni (10 iyul kuni ham) yakunlanadi.
2. Chet tilidan ijodiy imtihon.
O‘tgan yili ilk bor 6 ta OTMga kirish uchun chet tilidan ijodiy imtihon o‘tkazilgan edi. Joriy yilda mazkur toifadagi OTMlar soni 8 taga yetdi:
Bular xorijiy tillar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashgan:
− O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;
− Samarqand davlat chet tillar instituti;
− Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti;
− Andijon davlat chet tillar instituti;
− Namangan davlat chet tillar institutining chet tili birinchi fan bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari hamda;
− Toshkent davlat pedagogika universiteti;
− Qo‘qon davlat pedagogika instituti;
− Nukus davlat pedagogika institutining xorijiy tillar bo‘yicha pedagoglarni tayyorlovchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari.
3. Talab etiladigan hujjatlar.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun abituriyentlardan faqatgina:
− biometrik pasport yoki ID-karta;
− umumiy o‘rta ta’lim olganini tasdiqlovchi hujjat (attestat, diplom) so‘raladi. Ulardan boshqa hech qanday hujjat talab etilmaydi.
4. Ta’lim yo‘nalishlarini tanlash.
Ro‘yxatdan o‘tishda abituriyentlar fanlar majmuasi va ketligi bir xil bo‘lgan 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin. Bunda ta’lim yo‘nalishlarini bir OTM doirasida yoki turli OTMlar doirasida tanlasa bo‘ladi.
Shuningdek, abituriyentlar turli ta’lim shakllarini tanlashi mumkin. Misol uchun, 1-ta’lim yo‘nalishini kunduzgi, 2-sini kechki, 3-sini sirtqi, 4-sini masofaviy ta’lim shakllari doirasida tanlashi mumkin. Umuman olganda qanday tanlash abituriyentning ixtiyorida.
Bundan tashqari abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tishda tanlov ustuvorligini ham tanlaydi. Bunda 2 ta tanlov ustuvorligi mavjud:
− davlat granti;
− ta’lim yo‘nalishi.
5. Test sinovi o‘tkaziladigan binolar
Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat komissiyasining bayoni bilan test sinovi o‘tkaziladigan binolar ro‘yxati tasdiqlangan. Unga ko‘ra 2023-2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish bo‘yicha test sinovlari katta sig‘imli binolarda o‘tkaziladi.
Bunda test sinovlarini o‘tkazish uchun 92 ta bino tanlab olingan bo‘lib, bir smenada 44 ming nafar abituriyent test sinovida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Ushbu binolar Bilimni baholash agentligi tomonidan mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tanlab olingan. Mazkur bayonda Agentlikka mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan holda test sinovlari o‘tkaziladigan binolar ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati berilgan bo‘lib, binolar ro‘yxatida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.
6. Guruh nazoratchilari
Joriy yildan guruh nazoratchiligiga nomzodlarni keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali tanlab olish yo‘lga qo‘yildi.
Buning uchun joriy yilning yanvar-fevral oylarida elektron platforma orqali 8 956 nafar talabgor guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Ular uchun maxsus o‘quv kursi tashkil etilib, kurs yakunida test sinovi o‘tkazildi. Test sinovidan muvaffaqqiyatli o‘tganlar bilan suhbat o‘tkazilib, 4 000 nafarga yaqini guruh nazoratchisi sifatida tanlab olindi.
Bundan tashqari gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida 150 nafarga yaqin surdatarjimon pedagoglarni test sinovlari jarayoniga jalb etish uchun shartnomalar tuzildi.
7. Shaffoflik.
Barcha joylarda test sinovlari to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi. Buning uchun har bir guruhga statsionar kameralar hamda binoga umumiy 3600 ga aylanuvchi kameralar o‘rnatiladi.
Abituriyentlar va ularning ota-onalari, umuman keng jamoatchilik test sinovlarini kuzatib borishlari uchun jarayonlar onlayn translyatsiya qilib boriladi.
Test sinovlari o‘tkaziladigan hududlarga kiritishda esa abituriyentlarning shaxsini aniqlash uchun shaxsni identifikatsiyalash vositalaridan foydalaniladi. Natijada boshqa bir shaxslarning abituriyentlar o‘rniga test sinovlariga kirishining oldi olinadi.
8. Test natijalari.
Abituriyentlarning test sinovida to‘plagan ballari test sinovi o‘tkazilgan kunning ertasigayoq shaxsiy kabinetida e’lon qilib boriladi. Bunda abituriyentning javoblar varaqasi rangli skaner qilinib, qaysi savollarga to‘g‘ri, qaysilariga noto‘g‘ri javob berilgani aks etgan holda abituriyentning shaxsiy kabinetiga joylashtiriladi.
Abituriyentlarning talabalikka tavsiya etilgan yoki etilmagani bo‘yicha yakuniy tanlov natijalari esa test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng 1 hafta ichida e’lon qilinadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52801 | Инструменты