2024-yilda Respublika ko‘z mikroxirurgiyasi markazida simulyatsiya markazi tashkil etiladi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga ko‘ra, hozir 2 milliard nafardan ortiq kishining ko‘z kasalliklari hisobiga ko‘rish qobiliyati pasaygan va shu dard bilan bog‘liq nogironligi mavjud. Biroq ulardan 1 milliard nafarga yaqinini jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin.

Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ana shunday murakkab operatsiyalarni o‘tkazish borasida yurtimizdagi yetakchi tibbiyot muassasasi hisoblanadi.

Bugungi kunda shifoxonada 14 ta bo‘lim bo‘lib, 95 o‘ringa mo‘ljallangan. Markazda oftalmologiyaning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha 63 nafar malakali mutaxassis faoliyat ko‘rsatadi.

 — Yaqin yillargacha yurtimizda oftalmologiya sohasida yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishning imkoni yo‘q edi, — deydi markaz direktori Azamat Yusupov. — Shu sababli aksariyat bemorlar davolanish uchun xorij davlatlariga borishga majbur edi.

Bugun esa vaziyat boshqacha. Yurtimizda tibbiyot yo‘nalishida islohotlarning yangi davri boshlangach, eng so‘nggi va murakkab davolash va diagnostika usullarining barchasi amaliyotga tatbiq qilindi.

Ayni paytda markazda optik kogerent tomografiya va angiografiya, elektroretinografiya, ultratovushli biomikroskop, fluressentli angiografiya uchun fundus kamera, femtosoniyali lazer, bir necha turdagi fakoemulsifiaktorlar kabi 60 dan ortiq zamonaviy tekshiruv va davolash uskunalari mavjud.

O‘tgan 2023 yil muassasada jami 16 ming 331 ta jarrohlik operatsiyasi o‘tkazilib, ularning 54 foizini yuqori texnologik amaliyotlar tashkil etdi.

Shuningdek, markazda kasalliklar profilaktikasi va ularni davolashning yangi usullarini joriy etish maqsadida xorijiy mutaxassislar ishtirokida doimiy seminar treninglar tashkil etib kelinmoqda.

Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Hindiston, Germaniya, Ozarbayjon kabi qator davlatlar bilan kadrlar malakasini oshirish, birgalikda mahorat darslari va jarrohlik amaliyotlarini muntazam o‘tkazish yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan yil markazning 12 nafar mutaxassisi xorijiy mamlakatlarda malaka oshirib qaytdi.

Joriy yil muassasada yangi simulyatsiya markazini tashkil etish rejalashtirilgan. Natijada “Katarakta fakoemulsifikatsiya”, “Nostandart holatlarda kataraktada fakoemulsifikatsiya”, “Keratorefraksion lazer jarrohligi” va “Glaukomani zamonaviy tashxislash va davolash usullari” dasturlari bo‘yicha mutaxassislarni o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52008 | Инструменты