Huawei 1
2024-yilning 9 oyi mobaynida bojxonada qancha qurol va o‘q-dori ushlab qolingani ma’lum qilindi

Bojxona qo‘mitasida bojxona organlari faoliyatining 9 oylik yakunlariga bag‘ishlangan hayʼat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensiya shaklida tashkil qilingan yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bojxona boshqarmalari, “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi, Bojxona instituti va Milliy kinologiya markazi shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Tadbirda qo‘mita Raisi A.Mavlonov yurtimizda Muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan keng ko‘lamli va adolatli islohotlar natijasida erishilgan yutuqlarga bojxona organlari tomonidan ham munosib hissa qo‘shilib, fuqarolarimiz xizmatida bo‘lishdek sharafli yo‘lda katta amaliy ishlar qilinayotganini taʼkidladi.

Yig‘ilishda davlat byudjetiga bojxona to‘lovlaridan tushumlarni oshirish, iqtisodiy xavfsizlikni taʼminlash, kontrabanda tovarlari olib o‘tilishiga qarshi kurashish, tashqi iqtisodiy faoliyat subyektlari va mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan yaqindan ishlash, ijtimoiy soha obyektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda kadrlar salohiyatini yana-da oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda maʼlum qilinishicha, mamlakatimizning iqtisodiy xavfsizligini taʼminlash borasida 10 mingdan ortiq tadbirkorlarga 38 trln so‘m bojxona to‘lovlaridan imtiyoz va preferensiyalar qo‘llanildi. 5 trln so‘m bojxona to‘lovlarini kechiktirib to‘lashga ruxsat berildi.

Shuningdek, hisobot davrida xavflarni boshqarish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida 757 mlrd so‘mlik tovarlarning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi. Chegarada import tovarlari ustidan bojxona ko‘riklari samaradorligi oshib, 356 mlrd so‘mlik noqonuniy tovarlar daliliy ashyo sifatida olindi.

Bojxona organlari tomonidan 888 kg giyohvandlik vositalari, 406 ming dona psixotrop va kuchli taʼsir etuvchi moddalar, 59 mlrd so‘mlik tamaki mahsulotlari hamda 34 ta qurol, 1 187 ta o‘q-dorilar ushlab qolindi.

O‘tgan 9 oy davomida rasmiylashtirilgan 754 mingta bojxona yuk deklaratsiyalarining 15 foizi inson omilisiz avtomatik ravishda rasmiylashtirildi, eksportda bu ko‘rsatkich 41 foizga yetdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102222 | Инструменты