O'zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021-2024 yillarda 260 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, 863 mingdan ortiq yurtdoshlarimizga tanlov asosida bo‘lib berilgan. Bu orqali 2 milliondan ortiq doimiy va mavsumiy ish o‘rinlari yaratilgan.
2025 yilda esa 1 million aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Bu ishlar uchun 46,5 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Qolaversa, 100 ming gektar yer dehqonchilik va bog‘dorchilik tashkil etish uchun 200 ming kambag‘al oilaga ijaraga beriladi.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda davlatimiz rahbarining Qonunchilik palatasidagi maʼruzalaridan kelib chiqib, qo‘mita oldida turgan ustuvor vazifalarga alohida eʼtibor qaratildi. Yuqorida qayd etilgan vazifalarni amalga oshirishda deputatlar o‘z okruglarida faol ishtirokchi va targ‘ibotchi bo‘lishi zarurligi taʼkidlandi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligining barcha tarmoqlari, avvalo, meva-sabzavotchilikni intensiv rivojlantirish, yangi urug‘ navlarini yaratish orqali importni 50 foizga qisqartirish bo‘yicha dasturlar ijrosini taʼminlashda deputatlik korpusi oldida turgan muhim vazifalarga eʼtibor qaratildi.
Deputatlarning fikricha, bu orqali qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni 1,3 barobar oshirish, har gektar yerdan olinadigan o‘rtacha daromadni 5 ming dollarga yetkazish, sohada eksport hajmi 10 milliard dollardan iborat bo‘lishi taʼminlanadi.
Muhokamalarda qo‘mita aʼzolari bugun dunyoda ekologik vaziyat, tabiiy ofatlar va qurg‘oqchilik ko‘payib borayotgan bir paytda suv resurslaridan tejamkorlik bilan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy qilish, suvdan iqtisodiyotning barcha tarmoqlari, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida samarali foydalanish lozimligini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining kelgusi yilda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish uchun 5 trillion so‘m, kanallarni betonlash uchun 800 milliard so‘m yo‘naltirilishiga oid taklifi nihoyatda dolzarb ekani eʼtirof etildi.
Yig‘ilish so‘ngida qo‘mita oldida turgan vazifalar belgilab olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 120612 | Инструменты