Huawei 1
2025-yilda mahallalarda “Soyali sayr ko‘chalari” tashkil etiladi

2025-yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili” Davlat dasturi loyihasida ham Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasining Kioto protokoli va Parij bitimi doirasida mamlakatning global hamjamiyat oldida olgan majburiyatlarini bajarishda tarmoq va sohalarning uyg‘un “yashil transformatsiya”sini amalga oshirish, ularning raqobatbardoshligi va resurs tejamkorligini taʼminlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish va oqibatlarini yumshatish hamda aholining yashash sifatini yaxshilash va iqtisodiy o‘sishning yangi “yashil rivojlanish” modeliga o‘tishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar taklif etilgan.

Jumladan, mahallalarning ekologik qiyofasini yaxshilash, ko‘chalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish maqsadida 2025 yilda 32 ta shaharda aholi punktlarida piyoda va velosipedda sayr qiladigan “Soyali sayr ko‘chalari” tarmog‘i yaratiladi va buning uchun 100 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Qolaversa, 130 milliard so‘m mablag‘ evaziga 64 ta mahallada tajriba tariqasida yomg‘ir va oqova suvlardan samarali foydalanish, mahallalardagi daraxtlarni zamonaviy suv tejovchi texnologiyalar orqali sug‘orish tizimi joriy etiladi. Sohil va daryo bo‘ylarida 80 ta infratuzilma obyekti va 110 kilometrdan ortiq sog‘lomlashtirish yo‘laklari quriladi. 

Shuningdek, “Bir million yashil oila” harakati yo‘lga quyilib, yurish va yugurish, “yashil” transportda harakatlanish, oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish targ‘ib qilinadi. 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi hamda Raqamli texnologiyalar vazirliklari tomonidan 2025 yil 1 iyunga qadar “Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasida platforma ishga tushiriladi. Unga ko‘ra, bir sutka davomida kamida 10 ming qadam yurganlarga “Ekofaol fuqaro” maqomi hamda ular uchun davlat xizmatlaridan foydalanishda 10 foiz, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan banklardan isteʼmol kreditini olishda chegirmalar taqdim etiladi.

Oilaning barcha voyaga yetgan aʼzolari “Ekofaol fuqaro” maqomini olganda esa, ushbu oilaga “yashil oila” maqomi berilib, ularga har yili lotereya orqali 14 ta elektromobil berib borish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Aholisining yarmi “yashil oila” maqomini olgan mahallalarda “Eng toza mahalla” va “Eng yashil mahalla” tanlovlari o‘tkazilib, g‘olib bo‘lgan mahallalarga 500 million so‘m mablag‘ ajratiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11314 | Инструменты