Huawei 1
2025-yilda xususiy maktablar soni 700 taga yetkaziladi

So‘nggi yillarda bolalar bog‘chalari soni 8 barobar oshib, 38 mingtaga, qamrov esa 27 foizdan 76 foizga yetdi. Mamlakatimizda maktab taʼlimini rivojlantirish umummilliy harakatga aylandi. Oxirgi yetti yilda 5 mingdan ziyod maktabda qurilish va taʼmirlash ishlari bajarildi. Yoshlarga ikkinchi xorijiy til va kasb o‘rgatish kengaytirildi. Ilk bor 530 ta maktabda inklyuziv taʼlim yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda aytib o‘tildi. Unda maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri birinchi o‘rinbosari Sh.Karimovning “Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Axborotda qayd etganidek, 2025 yilda yangi baholash tizimi joriy etilgan umumtaʼlim maktablari soni 1 ming 500 tadan 3 mingtaga yetkaziladi, 257 nomdagi yangi darslik majmualari yaratiladi. Ikkinchi xorijiy til o‘qitiladigan maktablar soni 420 taga, kasb-hunarga o‘rgatiladigan maktablar soni 400 taga yetkaziladi. Xususiy maktablar soni 700 taga va ulardagi o‘quvchilar qamrovi 150 ming nafarga yetkaziladi.

Shuningdek, Investitsiya dasturi doirasida 26 ta yangi umumtaʼlim maktabi qurilishi va 320 tasini rekonstruksiya qilish orqali 120 ming 943 nafar, shuningdek, 54 ta pedagogik kollej binosini umumtaʼlim maktabiga aylantirish orqali 32 ming 905 nafar o‘quvchi o‘rni yaratiladi.

Respublikamizning 4 ta hududida yangi ixtisoslashtirilgan maktab, 9 ta hududida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab, Toshkent viloyati Chinoz tumanida Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab va xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Eshituvda taʼkidlanganidek, “Taʼlim barcha uchun teng” tamoyili asosida inklyuziv taʼlim tizimi joriy etilgan umumtaʼlim maktablari soni 1 ming 900 taga yetkaziladi. Shuningdek, ushbu tizim 208 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotida joriy etiladi. Umumtaʼlim maktablariga pedagog kadrlarni maxsus platforma orqali tanlov asosida ishga qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 78 foizga yetkaziladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11314 | Инструменты