Shenchjenda Huawei ICT Competition 2025-2026 tanlovi o‘z nihoyasiga yetdi: amaliy texnologik ko‘nikmalarni rivojlantirish va kelajakning sun'iy intellekt iqtidorlarini tarbiyalash platformasi

2026-yil 5-iyun kuni Xitoyning Shenchjen shahrida Huawei ICT Competition 2025-2026 global finali g‘oliblarini taqdirlash va tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu marosim AKT sohasidagi iqtidorlar o‘rtasidagi rekord miqyosdagi musobaqaga yakun yasadi. Qizg‘in kechgan musobaqalar so‘ngida O‘zbekiston talabalari Huawei ICT Competition amaliy tanlovida (Practical Competition) quyidagi faxrli o‘rinlarni egalladi:

- Tarmoq yo‘nalishida (Network Track) 1-o‘rin – Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) talabalar jamoasi;

- Bulutli hisoblash yo‘nalishida (Cloud Track) 3-o‘rin – TATU, Toshkent shahridagi Inha universiteti va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabalaridan iborat jamoa.

Joriy yilda bo‘lib o‘tgan 10-mavsum Huawei ICT Competition tanlovida 100 mamlakat va mintaqaning 2000 dan ortiq oliy ta’lim muassasalaridan 220 000 dan ziyod talaba va o‘qituvchilar ishtirok etdi, jumladan Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari vakillari ham qatnashdi. Bu esa musobaqani tarixdagi eng keng ko‘lamli tanlovga aylantirdi. Milliy va mintaqaviy saralash bosqichlaridan so‘ng 49 mamlakat va mintaqadan 177 jamoa global finalga yo‘llanma olib, sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Markaziy Osiyo va Kavkazdan Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmaniston talabalari ham musobaqada ishtirok etib, quyidagi sovrinlarga sazovor bo‘ldi: Qozog‘iston jamoalari – Tarmoq yo‘nalishida 2-o‘rin va SI Innovatsiyasi (AI Innovation Track) yo‘nalishida 3-o‘rin; Turkmaniston jamoasi – Tarmoq yo‘nalishida 3-o‘rin. Faqat qizlardan tashkil topgan Ozarbayjon jamoasi esa texnologik yo‘nalishdan tashqari ajoyib yutuqlari uchun “Women in Tech Award” maxsus mukofotiga loyiq topildi.

Taqdirlash marosimida 11 mamlakat diplomatik vakolatxonalari vakillari – elchilar, bosh konsullar va maslahatchilar ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasining Guanchjoudagi Bosh konsulligi delegatsiyasi ham marosimda qatnashdi.

Yopilish va taqdirlash marosimida Huawei kompaniyasining AKT yo‘nalishi strategiyasi va biznesni rivojlantirish departamenti prezidenti Richi Pen (Ritchie Peng) shunday dedi: “Ushbu tanlov kompaniyamizning texnologiyalarni ezgu maqsadlarda qo‘llash hamda ijtimoiy va ekologik barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash borasidagi azaliy majburiyatini aks ettiradi”. Uning qo‘shimcha qilishicha, innovatsion tanlov haqiqiy muammolarni hal etish vositasi sifatida "musobaqa orqali o‘rganish" tamoyilining qadr-qimmatini namoyish etdi. Amaliy tanlov va dasturlash tanlovi ishtirokchilari o‘zlarining sadoqati, bilimga chanqoqligi va chuqur texnik bilimlari bilan ajralib turdi.

YUNESKOning ta’lim sohasida texnologiyalar va sun'iy intellekt bo‘limi rahbari doktor Shafika Ayzeks YUNESKO va Huawei o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori baholab, ishtirokchilarni musobaqadagi ulkan muvaffaqiyatlari bilan tabrikladi. U sun'iy intellekt kelajagi hukumatlar, xalqaro tashkilotlar, akademik doiralar va sanoat o‘rtasida hamkorlikni talab qilishini ta’kidladi. Shuningdek, YUNESKO va Huawei arab mamlakatlarida sun'iy intellekt bo‘yicha salohiyatni rivojlantirish dasturlari hamda Markaziy Osiyo va Kavkazda AKT ta’limi bo‘yicha hamkorlik loyihalari kabi tashabbuslar ustida birgalikda ishlayotganini qayd etdi. Bu sa’y-harakatlar oliy ta’lim va kasb-hunar tayyorlash tizimlarini mustahkamlash hamda kelajak chaqiruvlariga tayyor mutaxassislarni tarbiyalashga qaratilgan.

Doktor Shafika Ayzeks Huawei ICT Competition tanlovi haqida gapirar ekan, bu yilgi talabalar turli madaniyatlar nigohi orqali yangi texnologiyalarni qo‘llagan holda real vazifalarni yechish qobiliyatini namoyish etganini qo‘shimcha qildi. U nafaqat ijodiy yondashuv, balki texnologiyalarga mas’uliyatli munosabat ham namoyish etilganini, mana shu narsa texnologik ta’limning maqsadini o‘zida mujassam etishini ta’kidladi.

Joriy yilgi global final doirasida Huawei kompaniyasi “AI Accelerating Education Transformation Summit” (Sun’iy intellekt yordamida ta’lim transformatsiyasini tezlashtirish sammiti) ham o‘tkazdi. Unda professor-o‘qituvchilar va soha ekspertlari sun’iy intellektning ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar va innovatsiyalardagi roli hamda sanoat va akademik doiralar o‘rtasidagi ilg‘or hamkorlik tajribalarini muhokama qilish uchun birlashdilar.

Sammitda Huawei kompaniyasi “ICT Academy AI Course Solution” (AKT Akademiyasi SI kursi yechimi) – universitetlarni sun’iy intellekt sohasida kompleks ta’lim traektoriyasi bilan ta’minlash va ushbu soha bo‘yicha mutaxassislarni ommaviy tayyorlashni qo‘llab-quvvatlashga mo‘ljallangan yechimni taqdim etdi. Shuningdek, “ICT Skills Development Insight Report with Recommendations for Nine Countries of Central Asia & the Caucasus” (Markaziy Osiyo va Kavkazning to‘qqiz mamlakati uchun tavsiyalar bilan AKT ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha tahliliy hisobot) e’lon qilindi. Unda kadrlar va sohani rivojlantirish strategiyalarini shakllantirish uchun amaliy tavsiyalar berilgan.

Raqamli transformatsiyaning jadallashishi bilan sun’iy intellekt, hisoblash tizimlari, katta ma’lumotlar va kiberxavfsizlik sohasidagi malakali mutaxassislarga talab ortib bormoqda. Biroq bu yo‘nalishlarda iqtidorli kadrlar yetishmasligi global muammo bo‘lib qolmoqda. Mazkur bo‘shliqni bartaraf etishga yordam berish maqsadida Huawei ICT Competition tanlovi bir nechta yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: Amaliy (Practice), Innovatsion (Innovation), Dasturlash (Programming), Chellenj (Challenge), Tadbirkorlik (Entrepreneur) va O‘qitish (Teaching). Tanlov ishtirokchilarga real masalalarni hal qilish uchun zarur bo‘lgan texnik va amaliy ko‘nikmalarni takomillashtirish bo‘yicha xalqaro platformani taqdim etadi. Universitetlar bilan hamkorlik va o‘quv kurslari almashinuvi tufayli ushbu tadbir amaliy malakalarni mustahkamlash va talabalarni raqamli iqtisodiyotning doimiy o‘zgarib boruvchi talablariga tayyorlashga qaratilgan. Tanlov shuningdek, Huawei kompaniyasining texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ularni ezgu maqsadlarda qo‘llash tamoyillariga sodiqligini aks ettiradi.

Huawei ICT Competition 10-mavsumi haqida batafsil ma’lumotni quyidagi havolada topishingiz mumkin:

https://www.huawei.com/minisite/ict-competition-2025-2026-global/en/index.html 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60815 | Инструменты