2025-yildan boshlab har oʻn sakkiz oyda Orol madaniyat sammiti oʻtkaziladi

4−6-aprel kunlari Samarqand va Nukus shaharlarida birinchi Orol madaniyati sammiti bo‘lib o‘tadi, deyiladi prezident Shavkat Mirziyoyev qarorida. 

Tadbirning ochilishi 4−5-aprel kunlariga rejalashtirilgan “Global iqlim muammolari va Markaziy Osiyo — umumiy farovonlik yo‘lida birlik” mavzusidagi Samarqand iqlim forumi boshlanishiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekiston 2023-yil 22−24-mart kunlari Nyu York (AQSh) shahrida bo‘lib o‘tgan BMTning suv resurslari bo‘yicha konferensiyasida Orol madaniyati sammiti loyihasini amalga oshirish tashabbusini ilgari surgandi. Qarorga ko‘ra, sammit har 18 oyda — bahor yoki kuzda o‘tkaziladi.

Qarorga muvofiq, sammitning asosiy maqsad va yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • Orolbo‘yi va dunyoning boshqa mintaqalarida yuzaga kelgan ekologik muammolarni muhokama qilish va oqilona yechimlarni taqdim etish uchun global platforma yaratish;
  • Orolbo‘yi muammolarini hal qilishda fanlararo yondashuvlarni ishlab chiqish;
  • barqaror yechimlar va strategiyalarni ishlab chiqishga qaratilgan ta’lim dasturi asosida Orol maktabini yaratish;
  • yetakchi mahalliy va xorijiy ekspert va tashkilotlar bilan hamkorlikda Orolbo‘yida suv va tuproq tadqiqotlarini o‘tkazish ;
  • Orolbo‘yining tuproq-iqlim sharoitiga mos keladigan qishloq xo‘jaligi ekinlarini o‘rganishga ixtisoslashtirilgan laboratoriya platformasini yaratish, uni ushbu yo‘nalishda olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar uchun o‘quv-amaliy platformaga aylantirish;
  • Orolbo‘yida asrlar davomida shakllangan noyob madaniyat va an’analarni asrab-avaylash, muhofaza qilish va ommalashtirish;
  • xalqaro miqyosda doimiy muloqotlar, amaliyotlar, seminarlar va tadqiqot dasturlarini tashkil etish;
  • Nukus shahridagi “Istiqlol” madaniyat va istirohat bog‘i hamda uning hududida joylashgan bolalar kutubxonasini zamonaviy texnologiyalar va an’anaviy arxitektura asosida rekonstruksiya qilish va samarali foydalanish.

Orol madaniyati sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaga bosh vazir Abdulla Aripov rahbarlik qildi. O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi tashkiliy qo‘mita ishchi organi etib belgilandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22323 | Инструменты