2025-yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda "Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!" degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanadi. Bu borada Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjatga ko‘ra, Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Bosh vazir raisligida tashkiliy qo‘mita tarkibi tasdiqlanadi.
Tashkiliy qo‘mita Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlari, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda Konsepsiya asosida ishlab chiqiladigan Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash bo‘yicha tashkiliy-amaliy, madaniy-maʼnaviy hamda targ‘ibot tadbirlari dasturini tasdiqlaydi, shuningdek, uning amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Qayd etilishicha, bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va mehnat fronti faxriylarini har tomonlama eʼzozlash, “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylarida yashayotgan shaxslar, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olinadi, ular uchun bayram dasturxoni yozish hamda turli xayriya tadbirlari o‘tkaziladi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi "Yangi O‘zbekiston" majmuasida alohida dastur asosida xalq sayillarini tashkil etiladi.
O‘tkaziladigan bayram tadbirlarining xarajatlari:
- Toshkent shahrida – respublika byudjeti va Toshkent shahri mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – tegishli mahalliy byudjetlar hamda homiylik xayriyalari hisobidan qoplanishi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22223 | Инструменты