Huawei 2
25-aprel kuni O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng muhim voqealar dayjesti

"Afrosiyob" elektropoyezdi chiptalari narxi oshiriladi

2024-yil 15-maydan boshlab, yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdi chiptalari narxi ekonom klass uchun 20 foizga, biznes klass uchun 30 foizga, VIP klass uchun 40 foizga oshiriladi.

"Biz kursni prognoz qilmaymiz, biz kursga taʼsir qiladigan omillarga sharh beramiz" - Mamarizo Nurmurodov

Markaziy bank raisi O'zbekistonda dollar rasmiy kursi ko'tarilayotganiga izoh berdi. "Dollar kursining oshishiga asosiy sabab valyutaga bo‘lgan talab oshishi (I chorakda 17 foizga oshgan). Buni hammasini importga bog‘lay olmaymiz. Misol uchun tashqi qarzlar bo‘yicha to‘lovlar ham bor", - deya qayd etib o'tdi u.

Ekopartiya vakillari “Do‘stlik” bog‘i bo‘yicha hokimlikka deputatlik so‘rovi yuboradi

"O‘zbekiston Ekologik partiyasi har qanday qurilish va rekonstruksiya ishlari atrof-muhitga va daraxtlarga zarar yetkazmaslik, yashil hududlar kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik va jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda amalga oshirilishi lozim, deb hisoblaydi hamda fuqarolarning talablaridan kelib chiqqan holda mazkur masala yuzasidan Toshkent shahar hokimligiga deputatlik so‘rovini yuboradi", - deyiladi partiya munosabatida.

«G‘ishtko‘prik» chegara bojxona postida kuzatilayotgan tirbandliklar yuzasidan ma’lumot berildi

Bojxona boshqarmasi vaqtinchalik yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun fuqarolardan uzr so‘ragan.

"Anʼanaviy davlatlardan pul oʻtkazmalari qisqarishi davom etmoqda. Boshqa mamlakatlardan kelayotgan pul oʻtkazmalarining esa oshishi kuzatilmoqda" - Markaziy bank raisi

"Investitsiyalarning oshishi va oʻtgan yilgi bir martalik oʻsishdan keyin barqarorlashgan importning maqbullashishi hisobiga milliy valyuta kursiga bosimlar yumshashi kutilmoqda. Asosiy stavka va pul bozoridagi stavkalarning korrelyatsiyasi oshib bormoqda, bogʻliqlik 0,9 koeffitsiyentgacha koʻtarilgan", - deya ta'kidladi Mamarizo Nurmurodov.

Avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlariga xususiy sektor jalb etiladi

“Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini ekspluatatsiya qilish ishlarini autsorsing asosida xususiy sektor tomonidan amalga oshirishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi hukumat qarori qabul qilindi.

O‘zbekistonda mart oyida tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlar hajmi 0,2 foizga oshdi

Kreditlar berish bo‘yicha eng katta o‘sish Navoiy viloyatida (8,4 foizga) va Toshkent shahrida (10,5 foizga) qayd etildi.

Rasman: Isroil Madrimov boks yulduzi Terens Kroufordga qarshi jang qiladi

Jang 3-avgust kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida boʻlib oʻtadi.

Hokimliklar “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan elektromobil xarid qilinganini rad etdi

Qashqadaryo va Buxoro viloyatlari hokimliklari yangi avtomobillar “Mehr daftari” jamg‘armasidan xarid qilinmaganini ma’lum qildi. Jamg‘arma nomining davlat xaridlari lotlarida ko‘rsatilishi portaldagi nuqson bilan bog‘liq.

O‘zbekiston aholisining 9,4 foizi 60 yoshdan oshgan

Statistika agentligi maʼlumotlarga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi tarkibida 60 yoshdan yuqori yoshdagilar soni qariyb 3,5 mln kishini tashkil etgan.

O‘zbekiston Afg‘onistonga yana bir insonparvarlik yordamini yubordi

Jami 8 ta yuk mashinasiga ortilgan insonparvarlik yordami tarkibidan 48 tonna un, 48 tonna bug‘doy, 15 ming litr o‘simlik yog‘i, 10 ming dona konservalangan go‘sht, 24 tonna shakar va 22 tonna makaron mahsulotlari hamda 100 ming dona tez tayyorlanadigan qadoqlangan lag‘mon paketlari o‘rin olgan.

DXX: Sirdaryo va Namanganda soliq va majburiy ijro byurosi xodimlari, Jizzaxda esa advokat pora bilan ushlandi

Hozirda mazkur shaxslaring barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga