Huawei 1
324 ta tizimli o‘rganishda isteʼmolchilardan jami 143,1 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha haq olinganligi aniqlangan  - Raqobat qo'mitasi

324 ta tizimli o‘rganishda isteʼmolchilardan jami 143,1 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha haq olinganligi aniqlangan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Raqobatni rivojlantirish  va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari Otabek Usmonov maʼlum qildi.

Raqobat qo‘mitasiga  2024 yil hamda 2025 yilning bugungi kungacha o‘tgan vaqti davomida  isteʼmolchilardan jami 45 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan.

Murojaatlarning 24 mingga yaqini uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 13 mingga yaqini  savdo va umumiy ovqatlanish, 9 mingdan ortig‘i aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar masalalariga to‘g‘ri keladi.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida isteʼmolchilarga 38 mlrd. so‘mga yaqin miqdorda yetkazilgan zarar qayta hisob-kitob qilingan. Shu bilan birga, savdo sohasida isteʼmolchilarga 500 dan ortiq holatda 3,5 mlrd.  so‘mdan ortiq miqdordagi mahsulotlar almashtirib yoki qaytarib berilgan.

O‘tkazilgan tizimli o‘rganishlar natijasida isteʼmolchilar foydasiga 129,5 mlrd. so‘m miqdoridagi mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlangan. 

Qo‘mitaning “Fair tech” yagona axborot tizimi orqali kelib tushgan xabarlar bo‘yicha tekshirish o‘tkazilganda 1400 ga yaqin dorixonalarda huquqbuzarlik holatlari yuzaga kelgani maʼlum bo‘ldi. O‘rganishlar natijasida 264 259 ta holatda 13 mlrd. so‘mga yaqin miqdorida asossiz daromad olinganligi aniqlanib, ortiqcha olingan pul mablag‘larini qaytarish choralari ko‘rildi.

O‘tgan vaqt davomida isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va reklama sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish maqsadida 10 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilgan hamda boshqa vazirlik va idoralar tomonidan taqdim etilgan 44 ta hujjat loyihalari bo‘yicha xulosalar berilgan.

2024-2025 yilning o‘tgan davrida tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsizligi va ularning sifatini nazorat qilish maqsadida jami 765 nomdagi mahsulotlarning nazorat xaridi amalga oshirilganda 140 nomdagi mahsulotlar normativ-texnik hujjatlar talablariga javob bermasligi aniqlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42600 | Инструменты