Uning 40 nafardan ortiq jinoiy sheriklariga ham 4 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi tayinlandi
Avvalroq, Andijon shahar hokimi Bahrom Haydarov gumonlanuvchi tariqasida protsessual tartibda hibsga olingani xabar qilingandi.
Joriy yilning 26-dekabr kuni esa Farg‘ona viloyat sudi binosida Andijon shahar sobiq hokimi B. Xaydarov va uning 45 nafar sheriklariga oid jinoyat ishi ko'rib chiqildi.
Ish bo‘yicha ochiq sud jarayonida shahar hokimi va Andijon shahar XTB markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmati sobiq bosh hisobchisi S. Yulchiyeva, Andijon viloyati prokurori yordamchisi K. Asqarov, viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari F. Mullajanov, viloyat budjet darmoadlarini rejalashtirish bo'lishi boshlig'i Sh. Xashimov va boshqalar (jami 45 nafar sudlanuvchi) ga sud hukmi e’lon qilindi.
Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining hukmiga ko‘ra:
B. Xaydarov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. U 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilindi. Shuningdek unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish va bazaviy hisoblash miqdorining 350 baravari, ya’ni 85 750 000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
S. Yulchiyeva Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari, 211-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. U 2 yil 2 oy 20 kun mansabdorlik huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 11 oy 26 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosiga mahkum bo'ldi.
K. Asqarov ham Yulchiyeva kabi jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil mansabdorlik huquqidan mahrum qilgan holda, unga 10 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
F. Mullajanov va Sh. Xashimov esa Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a”, “v” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Ular Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil mansabdorlik huquqidan mahrum qilinib, 8 yilga qamaldi.
Qolgan 40 nafar sudlanuvchiga sodir qilgan jinoiy harakatlari uchun 4 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 yilgacha ozodlikni cheklash hamda 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish jazolari tayinlandi.
Jinoyat oqibatida yetkazilgan 63 mlrd so‘mdan ziyod miqdoridagi moddiy zararning 16 mlrd so‘mdan ortig‘i qoplangan bo‘lib, zararning qolgan qismini sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21921 | Инструменты