Hokimiyat xodimni mast holda bo'lganini aytmoqda
Andijon viloyatida suv ta’minoti xodimi iste’molchilar tomonidan kaltaklandi. IIB holatga munosabat bildirib, zo‘ravon iste’molchi javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.
Ta'kidlanishicha, “Andijon suv ta’minoti” Izbosgan tumani xodimi Abdulboqi Saidmurodov faoliyati yuzasidan 23-may kuni iste’molchilar tomonidan yuzaga kelgan qarzdorlik bo’yicha ogohlantirish maqsadida manzillarda faoliyat olib borgan.
Xususan, “Yangi avlod” mahallasining Oqshom ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Q.A.ga ham foydalanilgan toza ichimlik suvidan 625 ming so‘m miqdorida qarzdor ekanligini ogohlantiruvchi talabnoma yetkazib bergan. Xodim mahalladagi yana boshqa oilalarga ham qarzlarni eslatib, fuqaro Q.A ning uyiga qaytganda xonadon egalari tomonidan kaltaklangan.
“Qaytib kelsam, “mana shuncha qarzdorlikni bizga sen chiqargansan”, deb “klyuch” bilan solib o’tiribdi-da. Onasi supirgi bilan, o’g’li mashinaning “klyuch”i bilan urib, miya tan jarohati yetkazdi. Burnim sinib, tez yordamga olib ketib, yotqizishdi. Shuni natijasida 3-4 kun shifoxonada yotib chiqdim” deydi jabrlanuvchi.
Tuman IIB xabariga ko’ra, avvalroq 12-aprel kuni jabrlanuvchi A.S. qo‘shni ayol N.M.ni haqorat qilgan va buning uchun sud tomonidan BHMning yarim barobari (135 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortilgan.
Shundan so‘ng, jabrlanuvchi A.S. 23-may kuni yana ushbu qo‘shnisining xonadoniga soat 19:30 larda mast holatda borib, ichimlik suvidan qarzdorligi bo‘yicha talabnomani berib, uning ayollik shaxsiyatini kamsitib, janjallashgan. Bu vaqtda ularni ajratish uchun kelgan N.M.ning o‘g‘li M.M. onasiga nisbatan qilinayotgan muomalaga chiday olmasdan, uning yuziga mushti bilan urib tan jarohati yetkazgan. Holatni Izboskan tuman IIB ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar, shu jumladan sud tibbiy ekspertizasining xulosasi rasmiylashtirilgan va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasi (yengil tan jarohati yetkazish) bilan sud muhokamasiga taqdim qilish chorasi ko‘rilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 43008 | Инструменты