Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zLiDeP fraksiyasining bir guruh a’zolari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya muhitini yaxshilash va rasmiy mehnat bozorini kengaytirish borasida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, mehnat qonunchiligida xususiy sektor uchun ijtimoiy majburiyatlar ko‘pligi, sohadagi huquqiy mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Xususan, amaldagi Mehnat kodeksida davlat va xususiy sektorda ish beruvchilar uchun bir xildagi ijtimoiy majburiyatlarning nazarda tutilishi xususiy sektor, ayniqsa, kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy barqarorligiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa xususiy sektorda xodimlarni ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish jarayonlarining rasmiy qayd etilmasligiga olib kelmoqda.
Qonun loyihasida Mehnat kodeksiga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda:
— mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilishda arizani chaqirib olish jarayonida ish beruvchining ishtirokini ta’minlash orqali tomonlarning mas’uliyatini oshirish;
— mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki mahalliy mehnat organi bilan kelishish jarayonlarini soddalashtirish orqali xabardor qilish tartibiga o‘tkazish;
— xodimning uzoq muddat mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi natijasida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarini takomillashtirish;
— tadbirkorlik subyektlarida o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ogohlantirish muddati va kompensatsiya to‘lovlarini bekor qilish belgilanmoqda.
Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg'in muhokamalarga, bahs va tortishuvlarga sabab bo'ldi.
Qonun loyihasi yetarli ovoz ololmadi va tashabbuskorlarga qaytarildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60701 | Инструменты