Huawei 1
Andijonda tunnel qaziganlarga hukm o‘qildi

Avval xabar berilganimizdek, 2024 yilning mart oyida Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, Xonobod shahar “A.Navoiy” MFY hududini Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlog‘i bilan bog‘lovchi yashirin yerosti tunneli aniqlangan edi.

Va u orqali, tovar-moddiy boyliklarni mamlakatimizga olib kirish va olib chiqish bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgandi!

Dastlab 1986 yilda tug'ilgan Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi yerosti yo‘li orqali O‘zbekistonga umumiy bahosi 5 mlrd 954 mln. so‘mlik 812 dona mobil telefon vositalarini olib o‘tib, mamlakatimizdan esa qiymati 1 mlrd. 558 mln. so‘mga teng bo‘lgan 1 kg. 734 gr. nostandart quyma oltin buyumlarni olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahri va Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1971, 1979 va 1980 yillarda tug‘ilgan 3 nafar sherigiga tegishli manzillarda mazkur yerosti yo‘lagi orqali olib o‘tilgan 2 mlrd. 839 mln. so‘mlik jami 1380 dona mobil telefon apparatlari, 32 dona quloqchinlar, 920 dona adapterlar, 338 dona USB-S kabellar, 40 dona quvvatlagichlar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Yer osti tunneli 18-20 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, uning kengligi 60-70 sm.ni, balandligi 170-180 sm.ni, uzunligi esa 300-350 metrni tashkil qiladi.

Olib borilgan tergov jarayonlarida ushbu uyushgan jinoiy guruhga 1983 yilda tug'ilgan Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi rahbarlik qilganligi aniqlanib, u tomonidan guruh aʼzolari o‘rtasida vazifalar taqsimlangan. Hozirda unga nisbatan ham alohida jinoyati ishi olib borilmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon shahar sudi tomonidan 1986 y.t. Qirg‘iz Respublikasi fuqarosi Jinoyat Kodeksning 182 va 223-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 6 yil muddatga, 3 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari esa Jinoyat Kodeksining 182-moddasi bilan aybdor deb topilib, ularning har biri 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Sud hukmiga muvofiq, ulardan olingan tovar-moddiy boyliklar hamda Xonobod shahri A.Navoiy MFYdagi xonadon undagi “yer osti tunneli” ko‘mish yo‘li bilan yo‘q qilinib, davlat foydasiga musodara qilindi.

Bundan tashqari, 1984 yilda tug'ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining Xonobod shahar “A.Navoiy” MFYdagi xonadonida aniqlangan ikkinchi yerosti tunneli ham sud hukmiga muvofiq, tegishli tartibda yo‘q qilinib, mazkur uy hamda ashyoviy dalil sifatida olingan tovar-moddiy boyliklar davlat foydasiga musodara qilindi. Qonunbuzarga nisbatan esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Tergov jarayonida, ushbu yerosti tunnellari orqali Qirg‘iz Respublikasidan olib o‘tilgan turli rusumdagi mobil telefon apparatlari Andijon va Toshkent shaharlaridagi savdo markazlarida sotuvga chiqarilganligi aniqlanib, hozirda mazkur yo‘nalishda tegishli surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Huquq-tartibot organlari tomonidan kelgusida ham bu kabi jinoyatchilarga qarshi murosasiz kurashish davom ettiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 42915 | Инструменты