Huawei 1
Antibiotiklar koronavirusni davolamaydi

Bugun aholi orasida koronavirusdan davolanish yoki profilaktika maqsadida antibiotik qabul qilish hollari uchrab turibdi. Maʼlumotlarga qaraganda, hozirda antibiotiklarni notoʻgʻri qoʻllash natijasida dunyoda yiliga 700 ming kishi vafot etadi. Bu haqda Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizamti xabar bermoqda.

Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, bu koronavirusdan vafot etayotganlardan kam koʻrsatkich emas. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, antibiotiklardan foydalanish tartibga olinmasa, 2050-yilga borib yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.

Eng avval aytish kerak boʻlgan gap shu: antibiotiklar koronavirusni davolamaydi. Chunki antibiotik — bakteriyalarga qarshi vosita, virusga taʼsir etmagani yetmaganidek, uning tarqalishiga sharoit yaratib beradi, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Muhabbat Ibragimova. — Antibiotiklarni retseptsiz va tartibsiz qabul qilish organizmda chindan ham antibiotikka zarurat tugʻilganda u taʼsir qilmay qolishiga olib keladi. Buning sababi organizmda antibiotikka nisbatan chidamlilik paydo boʻlgan boʻladi.

JSST tomonidan antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik atamalari qoʻllaniladi. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo boʻlsa, multichidamlilikda bemorga hech qanday antibiotik taʼsir qilmay qoladi. Buning oqibatlari juda yomon.

Koronavirus dastlab tarqala boshlagan paytda odamlar uni shamollash deb oʻylab, antibiotiklarni shifokor retseptisiz ham qabul qila boshlashdi. Koronavirusga chalinganda antibiotik isteʼmol qilinsa, kasallikka taʼsir qilmaydi. Chunki uning sababchisi bakteriya emas, virus boʻladi. Bemorning ahvoli ogʻirlashib, immunitet kuchsizlanadi.  

Agar bemor shunday sharoitda inyeksion va infuzion vositalar bilan uyda muolaja olsa, oqibati oʻlim bilan yakunlanish xavfi bor.

Shuningdek, antibiotiklardan palapartish foydalanish tananing boshqa aʼzolari faoliyatiga ham salbiy taʼsir etadi.

Jumladan, insonda jigar va buyrak yetishmovchiligi boʻlsa, ushbu vositadan oʻzboshimchalik bilan foydalanish oʻlim holatigacha olib borishi mumkin. Eng yomon taʼsiri esa anafilaktik shok, yaʼni allergik reaksiya boʻlib, bemor qisqa muddat ichida vafot etadi.

Shu bois, antibiotiklarni faqat va faqat shifokor tavsiyasi bilangina olish lozim. Aks holda kasallikdan davolanaman, deb oʻzingiz va yaqinlaringiz salomatligiga jiddiy zarar yetkazib qoʻyishingiz mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga