2023-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga eng ko‘p taʼlim sohasi xodimlarining xatti-harakatlari va sohadagi qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha murojaat kelib tushgan, jami 511 ta. Bu haqda Agentlik axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov maʼlum qildi.
Shuningdek, o‘tgan yil davomida Agentlikka kelib tushgan 3 545 ta murojaatning 406 tasi sud qarorlaridan noroziliklar, 301 tasi davlat xaridlari va tender savdolari jarayonidagi qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha bo‘lgan.
Agentlik tomonidan davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish yo‘nalishlarida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan vazirlik va idoralarga 225 ta taqdimnoma, javobgarlik masalasini hal qilish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 227 ta so‘rovnoma yuborildi.
Yuborilgan so‘rovnomalar asosida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan 23 ta jinoyat ishi va 96 ta maʼmuriy ishlar qo‘zg‘atildi, 74 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.
O‘tgan yili amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlardan so‘ng 90 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan banklarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda 41 ta davlat tashkiloti “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatiga ega bo‘ldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90501 | Инструменты