“Ichki ishlar organlarining migrasiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini raqamlashtirish orqali sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–14-son, 19.01.2026-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, 2026-yil 1-maydan eksperiment tariqasida Toshkent, Samarqand va Farg'ona viloyatlari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasida 1 tadan tuman (shahar) migratsiya va personallashtirish bo'linmalarida o'ziga o'zi xizmat ko'rsatish imkoniyati yaratilgan, sun'iy intellekt asosidagi “Aqlli” migratsiya shoxobchalari tashkil etiladi. Bunda:
- dastlabki bosqichda “Aqlli” migratsiya shoxobchalarida belgilangan davlat xizmatlari ko'rsatiladi;
- Ichki ishlar vazirligi tomonidan o'ziga o'zi ko'rsatiladigan xizmatlar turlari kengaytirib boriladi.
2026-yil 1-maydan Migratsiya va personallashtirish departamenti va uning hududiy boshqarmalariga O'zbekistonga elektron kirish vizasi asosida kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning elektron vizalari amal qilish muddatini 1 marotaba 30 kungacha uzaytirish huquqi beriladi.
Chet el fuqarolariga O'zbekiston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradigan tasdiqnomani rasmiylashtirish vakolati Departament va uning hududiy boshqarmalariga ham beriladi.
2026-yil 1-sentabrdan talabalar yotoqxonasiga joylashish bo'yicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda talabalarni turgan joyi bo'yicha ro'yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12013 | Инструменты