Huawei 1
AQSh Moliyaviy markazida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi

2017 yilning 2 sentabr kuni Nyu-York shahrining moliyaviy markazi – “Wall Street”da mamlakatimiz mustaqilligining 26 yilligi sharafiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘ini tantanali ko‘tarish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonning BMTdagi Doimiy vakolatxonasi va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Amerika-Turkiston Assosiatsiyasi hamda “Vatandosh” tashkiloti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda ijtimoiy-siyosiy doira, OAV va o‘zbek diasporasi vakillari, ko‘p sonli shaharliklar va turistlar ishtirok etdi.

Davlat madhiyasi sadolari ostida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i 15 metr balandlikka ko‘tarildi.

Ishtirokchilar O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlab bir daqiqali sukut saqladilar.

Ishtirokchilar o‘z chiqishlarida mustaqillik tufayli bugun O‘zbekiston bayrog‘i yer sharining barcha qit’alarida, jahonning katta va kichik shaharlarida mag‘rur hilpirayotganini ta’kidladilar.

Amerika-Turkiston Assosiatsiyasi raisi Abdulla Hoja O‘zbekistondan kelib AQShda istiqomat qilayotgan barcha insonlar vatan mustaqilligining 26 yilligini katta quvonch va hayajon bilan nishonlayotganini qayd etdi. U o‘zbek xalqining Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida erkinlik va mustaqillik, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida qat’iy ketayotganligini ta’kidladi.

Tadbirda alohida e’tibor mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jo‘shqin islohotlarga, jumladan rivojlanishning besh ustuvor yo‘nalishiga qaratilgan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga qaratildi.

Ko‘p sonli ishtirokchilar va mehmonlarga o‘zbek musiqasi ijrosida va an’anaviy qo‘shiqlar jo‘rligida milliy raqslar madaniy dasturi taqdim etildi. Nyu-York shahri markazida o‘tkazilgan bayram jahonning turli burchaklaridan yuzlab sayyohlarning e’tiborini jalb etib, ularda yorqin taassurotlar qoldirdi.

Yurtimiz Davlat bayrog‘i “Wall Street”da 7 kun mobaynida hilpirab turadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 51810 | Инструменты