Huawei 1
“Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da yangi “yashil” tashabbuslar boshlandi

17-yanvar kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida (“Green University”) “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” munosabati bilan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ikkita xalqaro loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Loyihalar 2030-yilgacha Global ekologik fond (GEF)ning 6,5 million AQSH dollari miqdoridagi grant mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Tadbirda Ekologiya vaziri o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, IUCNning Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Oliver Avramoski (onlayn), vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari, ilmiy jamoalar va fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va boshqalar ishtirok etdi.

Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan Iskandar Qutbiddinov Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimovning ma’ruzasini o‘qidi.

“Prezidentning joriy yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilish tashabbusi barqaror taraqqiyotni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarimiz, ekologik toza kelajakka intilayotganimizni yana bir bor namoyon etadi.

Biz biologik xilma-xillikni saqlash va ekotizimlarni tiklashga qaratilgan ikkita yangi loyihani yuqori baholaymiz. G‘arbiy Tyan-Shan, Nurota va Ko’hitang tog‘ tizmalarida ekotizim barqarorligini oshirish va biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha tashabbuslar, shuningdek, bioxilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va Harakatlar rejasini ishlab chiqish alohida ahamiyat kasb etadi, chunki bu bizning biologik xilma-xillikni saqlash bo’yicha Global dasturdagi maqsadlar bilan bog’liq  uzoq muddatli harakatlarimizni belgilab beradi. Ishonchimiz komilki, BMTTD va IUCNning ilg‘or tajribasi va bilimlariga asoslangan ushbu loyihalarni amalga oshirish O‘zbekistonda bioxilma-xillikni saqlashda amaliy natijalar beradi”, — deyiladi ma’ruzada.

Tadbir davomida xalqaro tashkilotlar vakillari yangi “yashil” tashabbuslarni taqdim etdilar. Loyihalardan biri “Biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha Milliy strategiya va harakatlar rejasini va 7-Milliy hisobotini yangilashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompleks dastur” bo‘lib, jahonning 69 davlatida, jumladan, O‘zbekistonda ham amalga oshirilayotgan global loyihaning bir qismidir. U biologik xilma-xillik milliy strategiyalari va harakat rejalarini hamda 7-Milliy hisobotni tayyorlashda mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu loyihani amalga oshirish doirasida O‘zbekistonda Global bioxilma-xillik asoslari va uning asosida ishlab chiqilgan yangi milliy maqsadlarga muvofiq yangilangan Milliy strategiya va Harakatlar rejasini tayyorlash kutilmoqda.

Ushbu loyiha bioxilma-xillikni muhofaza qilish, saqlash va tiklash sohasida uzoq muddatli davlat siyosatini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, bu barcha tomonlar: davlat tashkilotlari, biznes hamjamiyatlari va jamoatchilikning faol hamkorligini talab qiladi.

Tadbirda BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii so‘zga chiqib, ushbu tashabbuslarning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi. 

“O‘zbekiston o‘zining boy bioxilma-xilligi va noyob ekotizimlarini muhofaza qilish va tiklash bo‘yicha salmoqli chora-tadbirlar ko‘rmoqda. Biz BMT Taraqqiyot dasturi sifatida mamlakatning global bioxilma-xillik maqsadlariga erishish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Ishonchimiz komilki, hukumat, fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar hamkorligi O‘zbekistonning yosh avlodi uchun yashil kelajak yaratishda mustahkampoy devor qo‘yib, barqaror natijalar beradi”, — dedi u.

Ikkinchi yirik loyiha – “O‘zbekistonning yuqori qiymatga ega landshaftlarini muhofaza qilish va qayta tiklash bo‘yicha kompleks boshqaruv” loyihasi puxta ishlab chiqilgan va inklyuziv siyosat orqali ekotizimlarni tiklash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ekotizimlarni tiklash jarayonlarida innovatsiyalarni qo‘llash va bioxilma-xillikni saqlash bo'yicha samarali va barqaror moliyalashtirishni ishlab chiqish va sinovdan o'tkazishga qaratilgan. Ushbu loyihani amalga oshirishdagi asosiy hamkorlardan biri 2024-yilda Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasi rasman ochilgan Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqidir. Loyihaning tajriba hududlari G‘arbiy Tyan-Shan, Nurota tizmasi va Ko‘hitang landshaftlari hisoblanadi.

Loyihalar 6 hududdagi 10 ta tumanning landshaftlarini oʻz ichiga oladi: Toshkent viloyatining Parkent va Ohangaron tumanlari, Jizzax viloyatining Forish tumani, Samarqand viloyatining Qoʻshrabot va Payariq tumanlari, Navoiy viloyatining Xatirchi va Nurota tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani, Surxondaryo viloyatining Boysun va Sherobod tumanlari. 

Asosiy kutilgan natijalar:

— 53 ming gektar o'rmon va yaylovlarni tiklash.

— Ekotizimlarni tiklash va biologik xilma-xillikni saqlash maqsadida 200 ming gektar davlat oʻrmon fondi yerlarini boshqarish tizimini takomillashtirish.

— 142278,4 gektar muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni boshqarish tizimini takomillashtirish.

— 30 000 ga yaqin mahalliy aholi ushbu tadbirlardan, jumladan, tabiatga asoslangan turizmni rivojlantirish, yaylovlarni boshqarishni yaxshilash va tabiiy resurslarga asoslangan turmush sharoitini yaxshilash orqali foyda ko'radi.

— O‘zbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlari milliy tizimini mustahkamlash va ilg‘or xalqaro tajribaga yanada moslashtirish.

— Ekotizimni tiklash uchun yangi barqaror moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11900 | Инструменты