Birinchi yarimo‘rta vazn toifasida sobiq jahon chempioni Devin Xeyni hamda sobiq vaqtinchalik WBC kamari sohibi Rayan Garsiya ringga qaytmoqda.
Amerikalik bu ikki bokschi ishtirokidagi janglar may oyida Nyu-Yorkda tashkil etiladigan professional boks oqshomlarining birida bo‘lib o‘tadi. Xeyni birinchi yarimo‘rta vaznda sobiq jahon chempioni Xose Ramires bilan hisob-kitob qilsa, Garsiya esa ushbu divizionning yana bir sobiq chempioni meksikalik Isaak Krusga qarshi ringga chiqadi.
So‘nggi ikki yilda professional boksning eng katta homiysi va sarmoyadoriga aylangan Turki Al ash-Sheyxning aytishicha, agar Xeyni ham, Garsiya ham o‘z janglarida g‘alaba qozonishsa, u holda oktyabr oyida o‘zaro ringda to‘qnash kelishadi. Bu ular o‘rtasidagi ikkinchi jang bo‘ladi.
2024 yilning aprelida o‘tgan ilk bahsda Garsiya hakamlarning qarori bilan g‘alaba qozongandi. U jang davomida bir necha bor Xeynini nokdaun holatiga tushirib qo‘ygandi. Lekin keyinroq Garsiyaning ijoiy doping-tahlili sabab jang o‘tkazilmagan deb topilgan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11900 | Инструменты