Ayrim hududlardagi davlat organlarida kadrlar rotatsiyasi tizimi joriy etiladi

“Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF–243-son, 06.12.2025-y.) qabul qilindi.

Ma'lumot uchun: Boshqaruv samaradorligi agentligi (Agentlik) Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida tashkil etilgan.

Farmonga ko'ra, 2026-yil 1-yanvardan “Yangi O'zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar) hokimliklarida tajriba-sinov tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi natijaga asoslangan boshqaruv tizimi joriy etiladi:

- davlat organlari faoliyatining maqsadli ko'rsatkichlari va indikatorlari ularga qo'yilgan vazifalar asosida Agentlik tomonidan shakllantiriladi hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi;

Agentlik:

- natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqadi hamda uning joriy etilishini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi;

- maqsadli ko'rsatkichlarga erishilganligini “samaradorlik.gov.uz” elektron platformasi orqali baholashni tashkil etadi;

- tegishli vazifalarni bajarish va maqsadli ko'rsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga ko'maklashadi;

- davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tanlovlarda zamonaviy yondashuv, zarur hollarda, qo'shimcha bosqichlarni joriy etadi.

Farmonga ko'ra, davlat organlarining vazifa va funksiyalari quyidagi 5 ta darajaga ajratiladi:

▪️ konstitutsiyaviy va milliy daraja;
▪️ respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari darajasi;
▪️ hududiy daraja;
▪️ tuman (shahar) darajasi;
▪️ mahalla (qishloq, ovul) fuqarolar yig'ini darajasi.

2026-yil 1-yanvardan “Yangi O'zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi 33 ta tuman (shahar)da faoliyat yurituvchi davlat organlarida kadrlar rotasiyasi tizimi joriy etiladi. Bunda:

- respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuman (shahar) bo'linma rahbari hamda tuman (shahar) hokimi va uning o'rinbosarlari har 5 yilda, qoida tariqasida, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahri doirasida boshqa tuman (shahar)ga rotatsiya qilinadi;

- rotatsiya qilinadigan rahbarlar Agentlikning “hrm.gov.uz” elektron platformasi orqali aniqlanadi;- rahbar yangi hududga o'tishdan oldin hududning iqtisodiy va ijtimoiy holati bo'yicha intensiv kursda o'qitiladi;

- rotatsiya qilingan rahbar faoliyati Agentlik tomonidan elektron platforma orqali onlayn tarzda monitoring qilinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 120910 | Инструменты