Raqobat qo‘mitasi tomonidan umumiy ovqatlanish shoxobchalari xizmatlari bo‘yicha bildirilgan murojaatlar o‘rganildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Natijada mijozlarga taqdim etilayotgan taomnomalar ayrim restoranlarda xorijiy tillarda, jumladan, rus, ingliz, turk, xitoy va boshqa tillarda taqdim etilishi aniqlandi.
Xususan, Toshkentdagi Basri Baba turk taomlari restorani mas’ullari ishtirokida olib borilgan o‘rganishlarda taomnoma faqat turk tilida ekanligi, bu mijozlar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgani ma’lum bo‘ldi. Restoran taomnoma ma’lumotlarini davlat tili hamda qo‘shimcha ravishda xorijiy tillarda ham tayyorladi.
Shuningdek, China Chuan Chuanga qarashli xitoy taomlari restoranida xo‘randalarga xorijiy tilda munosabatda bo‘linayotganligi borasidagi murojaat o‘rganilib, qonunbuzilishiga tegishli choralar ko‘rildi.
Mazkur restoranda davlat tilida xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar faoliyat boshladi, rus va xitoy tillarida tuzilgan taomnomalar o‘zbek tilidagi tarjimasida xo‘randalarga taqdim etilishi ta’minlandi.
Toshkentdagi Mirzo-Bobur korxonasiga qarashli Bon! kafesi xodimlari tomonidan mijozlarga rus tilida xizmat qilinayotgani bo‘yicha ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan murojaat o‘rganilib, kafening 26 ta shoxobchasida taomnomalar mijozlar talabiga asosan davlat tili hamda rus va ingliz tillarida taqdim etilayotgani ma’lum bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoq orqali CakeLab qandolat restorani tarmoqlarining taomnomasida rus tilida ma’lumotlar berilayotgani ham tanqid qilingan. Mazkur masala restoran mas’ullarini jalb qilgan holda ijobiy hal etilib, taomnomalar davlat tiliga muvofiqlashtirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42300 | Инструменты