So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yaylov yer uchastkalaridan foydalanayotgan ayrim fuqarolar va xo‘jaliklarning huquqlari buzilayotgani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qo‘mita bayonotiga ko‘ra, davlat rahbarining "Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoniga asosan, yaylovlardan samarali va maqsadli foydalanish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yaylovlarni chorvachilik ehtiyojlari uchun foydalanilishini ta’minlash, boshqaruvning ixcham va shaffof tizimini yaratish, ularni noqonuniy daromad manbaiga aylantirishga chek qo‘yish maqsad qilingan.
Hozirda vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda yaylov yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazilib, hududiy yaylov xo‘jaliklari balansiga qabul qilinmoqda va ularning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi ta’minlanmoqda. Farmon kuchga kirgan sanada ushbu yerlardan doimiy va samarali foydalangan xo‘jaliklar bilan shartnomalar farmon talablariga muvofiq tarzda rasmiylashtirilmoqda.
Qo‘mita bayonotida qayd etilishicha, Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida faqat rasmiy xatlovdan o‘tgan va davlat ro‘yxatiga kiritilgan yaylovlar ijaraga berilmoqda. Shu bois, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tarqatilayotgan huquqiy asosga ega bo‘lmagan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va ular asossizdir.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi jamoatchilikni ishonchli manbalarga tayanishga, farmon ijrosi bo‘yicha aniqlashtirilgan ma’lumotlar olish uchun tegishli hududiy yaylov xo‘jaliklari boshqarmalariga murojaat etishga chaqirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 42302 | Инструменты