Huawei 1
Blogerlarning qanday huquqlari bor? Ularga belgilangan jinoiy javobgarlik va majburiyatlari haqida muhim ma'lumotlar

Bugungi kunda blogerlar, ijtimoiy tarmoq faollari va inflyuenserlar faoliyati jamiyatimiz axborot maydonida o'ziga xos ahamiyatga ega.

Xo'sh, Bloger kim? Blog nima?

Blog yuritishni tartibga solish bo‘yicha alohida qonun hujjati mavjud emas. Faqatgina “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda bloger tushunchasi yoritilgan.

Bloger — internetda o‘z veb-sayti va sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtiruvchi jismoniy shaxs hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisiga tegishli bo‘lgan, ma’lum bir mavzu doirasida yangilik yoki sharh chop etiladigan, shaxsiy onlayn kundalik sifatida foydalaniladigan har bir sahifa blog hisoblanadi. Bunday sahifani yurituvchi odam esa bloger deyiladi. Unga nisbatan qonunchilikda ma’lum huquqlar va mas’uliyatlar belgilangan.

Blogda har qanday ma’lumotni chop etish mumkinmi?

So‘z erkinligi Konstitusiya darajasida belgilangan bo‘lib, barcha fuqarolar kabi blogerlar ham axborotlarni qidirishi va tarqatishi mumkin. Ya’ni ular uchun alohida huquq yoki cheklovlar yo‘q.

Biroq axborot tarqatishning o‘ziga yarasha talablari hamda qonunchilikda belgilangan qoidalari ham mavjud.

Bloger o‘z sahifasida qonunda taqiqlangan ma’lumotlarni tarqatish maqsadlarida foydalanishi mumkin emas.

Xususan, O‘zbekistonning mavjud konstitusiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish, urush, zo‘ravonlik, terrorizmni, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish, milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi va boshqa axborotni tarqatish mumkin emas. 

Axborotlar va ularga sabab bo‘lgan vaziyatlar o‘zgarishi, yangi tafsilotlar oydinlashishi mumkin. Shunday sharoitda xatoni tuzatish, to‘g‘ri ma’lumotni berish, hatto o‘z-o‘ziga raddiya berish ham mumkin. Xato tuzatilsa va uning ustidan hech kim da’vo qilmasa, blogerga javobgarlik kelib chiqmaydi.

Jurnalist tekshiruvi bor, bloger tekshiruvi-chi?

“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning  9-moddasi jurnalist tekshiruvi deb ataladi. Unga ko‘ra, jurnalist axborot to‘plash va tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega.

Qonunchilikda blogerlar ham xuddi jurnalistlar kabi tekshiruv olib bora olishini yoki blogerlar jurnalistlarga oid huquqlardan foydalana olishini nazarda tutuvchi qoida mavjud emas.

Shunday bo‘lsa-da, Konstitusiyaning 29-moddasiga muvofiq, har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega. Demak, bloger ham o‘zi istagan axborotni izlashi, olishi, chuqur o‘rganishi va o‘rganish natijalarini ommaga e’lon qilishi mumkin.

Noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlik uchun qanday javobgarlik belgilangan?

Qonunchilikka ko‘ra, tarqatilgan har qanday noqonuniy axborot/ma’lumotlar, da’vat, haqorat va tuhmat yuzasidan tegishli javobgarlik belgilangan. Bunda noqonuniy ma’lumotlar blogerlar tomonidan tarqatilganida, ular boshqa barcha uchun belgilangan umumiy normalar asosida javobgarlikka tortilishi mumkin.

Shaxsiy fikr sifatida berilgan materiallarga axborot tarqatish mas’uliyati va javobgarligi tatbiq etiladimi?

Shaxsiy fikr — shaxsning u yoki bu fakt yoki hodisani o‘z nuqtai nazaridan talqin qilishi yoki taassurotini bayon etishi hisoblanadi. Ayni paytda ushbu mulohazalarni ko‘pchilik ko‘rishini ham hisobga olish kerak. 

Shunga ko‘ra, shaxsiy fikr ham ko‘pchilik ko‘radigan manbalarda yozilganida, qonunchilik talablariga muvofiq, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatiga daxl qilmaydigan, tuhmat va yolg‘ondan xoli tarzda ifodalanishi lozim. Qonunchilik talablarida shaxs qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan materiallarni tarqatish mumkin emas.

Ko‘p hollarda ijtimoiy tarmoqlarda anonim profillar orqali noqonuniy axborot tarqatilishi kuzatiladi. Bunda profil egalarini topish imkoni bo‘lmasligi mumkin. Lekin ushbu axborotni tarqatgan yoki repost qilgan egasi, aniq sahifalar va profillar egalari yoki guruh ma’murlari javobgarlikka tortilishi mumkin.

Tarqatilgan xabarga qarshi tomon munosabat/raddiya berishi majburiymi?

Ba’zan tekshirilmagan ma’lumot tarqatib, post yakunida “bu bo‘yicha tegishli shaxsning munosabatini kutamiz” degan mazmundagi jumlani qistirib o‘tish hollari uchraydi.

Tarqatilgan ma’lumot, axborotga raddiya berilishini talab etish jismoniy yoki yuridik shaxsning majburiyati emas, balki huquqi hisoblanadi. Shuning uchun tashkilot yoki qaysidir shaxs raddiya bermasdan turib, to‘g‘ridan to‘g‘ri sud yoki boshqa huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilib, axborot tarqatuvchining javobgarlik masalasini ko‘rib chiqishni so‘rashi mumkin. Ma’lumotning to‘g‘riligini isbotlash majburiyati axborot tarqatuvchi zimmasiga yuklangan.

Aybsizlik prezumpsiyasi nima, unga rioya etilishi shartmi?

Konstitusiyaning 26-moddasiga ko‘ra, “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmaydi”.

Aybsizlik prezumpsiyasi o‘zida 3 ta asosiy qoidani mujassamlashtirgan.

1. Shaxsning aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi;

2. Shaxs o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas. Shaxsning aybsiz yoki aybdor ekanligini isbotlash masalasi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuklatilgan;

3. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, basharti ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining foydasiga hal qilinishi lozim;

Axborot tarqatuvchi anglashi zarurki, inson huquqlari oliy qadriyat deb topilgan hech bir davlatda hatto odam o‘ldirgan shaxs ham sudning hukmi qonuniy kuchga kirguniga qadar aybsiz hisoblanib, unga nisbatan “jinoyatchi”, “aybdor”, “firibgar” “o‘g‘ri”, “poraxo‘r”, “ekstremist” kabi so‘zlarni qo‘llash mumkin emas.

Blogerning reklama faoliyati bilan shug‘ullanish huquqi bormi? Bo‘lsa, qanday tartibda?

Reklama tarqatuvchi jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lishi mumkin. Reklama ishlab chiqarish va joylashtirish lisenziyalanadigan faoliyat turi hisoblanmaydi, shu sababli ushbu xizmatlarni ko‘rsatish uchun lisenziya talab etilmaydi. Demak, bloger ham reklama faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Reklama faoliyati shartnoma asosida amalga oshiriladi. Taraflar shartnomada reklama bo‘yicha barcha shartlarni kelishib olishlari, qonunchilikda taqiqlangan narsalarni reklama qilishdan tiyilishlari lozim.

O‘zbekistonda daromad topuvchi har qanday shaxs soliq to‘lovchi hisoblanadi. Xususan, reklama qilib daromad topgan jismoniy shaxslar daromadlaridan 12 foiz miqdorida daromad solig‘i to‘laydi. To‘langan soliqlar to‘laligicha davlat byudjetiga tushadi.

Ayrim faoliyat turlari Soliq kodeksiga muvofiq daromad solig‘idan ozod qilingan.

Prezident qaroriga asosan, o‘zini-o‘zi band qiladigan shaxslar axborot kommunikatsiya sohasida xizmat ko‘rsatish – ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat: PR-menejer, internet-marketolog, SMM, ijtimoiy tarmoq sahifalari administratori, akkaunt-menejer, marketolog, link-menejer, targetolog, kontekst-reklama bo‘yicha mutaxassis, direktolog, media rejalashtiruvchi, SMO mutaxassisi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, daromadlari jami daromadlari tarkibiga kiritilmasligi uchun daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Bloger postlariga yozilgan sharhlar uchun ham javobgarmi?

Bloger sahifasida joylashtirilgan axborotga foydalanuvchilar tomonidan qoldirilgan sharhlar matnida, shuningdek ijtimoiy tarmoqlar yoki messenjerlarda noqonuniy ma’lumotlar aniqlansa, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tomonidan blogerga taqiqlangan axborotlarni olib tashlash to‘g‘risida xabarnoma yuboriladi.

Bloger xabarnomani olgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan taqiqlangan axborotni olib tashlashi, shuningdek, bu to‘g‘rida AOKAni xabardor qilishi lozim.

Agar bu axborot 24 soatdan kechiktirmasdan bloger tomonidan olib tashlanmasa AOKA bu axborotni olib tashlash bo‘yicha sudga murojaat qilinishi mumkin.

Bloger istalgan odamning tasvirini ijtimoiy tarmoqqa joylashtirishi mumkinmi? Tasviri joylashtirilayotgan shaxsdan ruxsat olishi kerakmi?

Qonunga ko‘ra, shaxsning tasvirga bo‘lgan huquqi ajralmas va daxlsizdir. Tasvirga bo‘lgan huquqi buzilgan deb hisoblagan shaxs Fuqarolik protsessual kodeksida belgilangan tartibda sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishi mumkin. Shaxsning tasvirga bo‘lgan huquqi qonunchilik bilan himoyalanadi.

Quyidagi hollarda shaxsga taalluqli ma’lumotlarni tarqatish uchun uning roziligi talab qilinmaydi:

Tasvirlardan foydalanishdan davlat, jamoat yoki boshqa ommaviy manfaatlar ko‘zda tutilsa;

Shaxsning tasviri insonlar erkin kelib-ketishi mumkin bo‘lgan jamoat joylarida tushirilgan bo‘lsa (masalan, namoyishlarda, bayramlarda, ko‘chalarda, ommaviy sayllarda, ochiq majlislarda, sport musobaqalarida va h.k.);

Shaxs huquqbuzarlik sodir etayotgan bo‘lsa.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90500 | Инструменты