O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining tegishli buyrug‘iga asosan, Farrux Yunusov O‘zbek milliy maqom san’ati markazi Bosh direktori lavozimiga tayinlandi.
Mazkur tayinlov jamoaga O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov boshchiligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda e’lon qilindi. Yig‘ilishda Markazning markaziy apparati xodimlari hamda Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli ijodiy jamoasi ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida Bahodir Ahmedov Farrux Yunusovni tabriklab, maqom san’ati yo‘nalishida yangi tashabbus va amaliy yondashuvlarni amalga oshirishini ta’kidladi. Shuningdek, milliy san’atimizni targ‘ib etishda tizimli loyihalar ustida ishlash bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Farrux Yunusov Madaniyat vazirligi tizimidagi turli muassasalarda –“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi va Madaniyat vazirligining markaziy apparatining ijodiy va tashkiliy lavozimlarida samarali faoliyat yuritgan. Xususan, u ijodkor yoshlar bilan ishlash, xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirish, tanlovlarni rejalashtirish va o‘tkazish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surgan.
Shuningdek, u tayinlovga qadar Madaniyat vazirligining Ijodkor yoshlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritayotgan edi.
Bugungi tayinlov Farrux Yunusovning san’at va madaniyat sohasidagi ko‘p yillik tajribasi, tashkilotchilik salohiyati va ijodiy qarashlariga berilgan ishonch ifodasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi jamoasi yangi lavozimdagi faoliyatida Farrux Yunusovga ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90419 | Инструменты