Huawei 1
Jizzaxda qiymati $400 mln dollarlik O‘zbekiston-Xitoy innovatsion markazi quriladi

Davlat rahbarining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi doirasida Qishloq xo’jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Muloqotlarda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator yirik investitsiya loyihalari muhokama qilindi.

Vazir dastlab, “China Broad Future Tobacco International Import and Export Trading Co. Ltd” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Fu Bo bilan uchrashdi. Tomonlar yaqinda imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar yuzasidan batafsil fikr almashdilar.

Uchrashuvda Xorazm, Samarqand va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 3000 tonna bo‘lgan tamaki mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash zavodini barpo etish loyihasi muhokama qilindi. Mazkur loyihaga 150 million AQSh dollari miqdorida sarmoya yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida 2025-yilda dastlabki ishlab chiqarish bosqichi yo‘lga qo‘yiladi, zavod qurilishi esa 2026-yil boshida boshlanadi. Qurilish uchun 30 gektar maydon ajratiladi, shuningdek, uch viloyatda fermerlar bilan kooperatsiya asosida 2000 gektarlik ekin maydoni tashkil etiladi.

Tashrif doirasida doirasida Ibrohim Abdurahmonov “Jiangsu World Agricultural Machinery” kompaniyasi rahbari Chju Linjun va “Aladdin Holdings Group” kompaniyasi raisi Yang Jen Tsyan bilan ham muzokaralar olib bordi.

Tomonlar Qashqadaryo viloyatida paxta terish kombaynlari va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va yig‘ish zavodi qurish, shuningdek, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 30 ming gektarlik dala maydonlarida Xitoy tajribasiga asoslangan yuqori hosildor paxta yetishtirish loyihasini amalga oshirish masalalarini ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, rasmiylar Jizzax viloyatida umumiy qiymati 400 million AQSh dollariga teng bo‘lgan O‘zbekiston–Xitoy innovatsion markazini qurishga kelishib oldilar. Ushbu majmua zamonaviy qishloq xo‘jaligi va madaniy-turistik sanoatni rivojlantirishga xizmat qiladi. Markazning birinchi bosqichi 2026-yil boshida qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu maqsadda 30 gektar yer maydoni ajratiladi.

Yirik investitsiya loyihalari O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlarida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishga, innovatsion yechimlarni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda. Uchrashuvlar yakunida tomonlar kelishilgan loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90414 | Инструменты