Huawei 1
BMT ekspertlari Dauletmurat Tajimuratovning ahvolidan chuqur xavotirda ekanliklarini bildirdi

2023-yilning 9-noyabr kuni BMT rasmiy saytida “BMT ekspertlari: O‘zbekiston ozchiliklar huquqlari himoyachilarini taʼqib qilishni to‘xtatishi kerak” nomli xabar eʼlon qilindi. Unda mustaqil ekspertlar Dauletmurat Tajimuratovning ahvolidan chuqur xavotirda ekanliklari va qamoqxonada unga nisbatan tahdid, haqorat va g‘ayriinsoniy munosabatda bo‘linayotganini bildirgan.

Holat yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili - Ombudsman munosabat bildirdi

Maʼlumki, 2022-yil 15-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashlarining qo‘shma qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzilgan. Ombudsman, deputatlar, mahalliy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlaridan iborat Komissiya aʼzolari 16-iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘zining mustaqil o‘rganishlarini boshlagan.

Komissiya aʼzolari Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasiga ham tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan shaxslar sharoitlarini o‘rgangan va Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashishgan. Uchrashuvda D.Tajimuratov unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo‘lmagani, ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlar bo‘yicha hech qanday eʼtirozi yo‘qligini bildirgan.

Shuningdek, Tajimuratov advokat bilan taʼminlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yo‘qligini, oila aʼzolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazilganligini hamda posilka va yo‘qlovlar olayotganini maʼlum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya faoliyati, jumladan Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan D.Tajimuratov va boshqalarning holati haqidagi xabarlar Komissiyaning telegram, Facebook va twitter ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari va ombudsman.uz sayti orqali o‘zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz tillarida muntazam yoritib borilgan.

Ma'lumot o'rnida, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhi vakillari yopiq muassasalarga amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida D.Tajimuratov bilan 2023-yilning 6-may kuni u Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasida saqlanganganda va 9-sentabr kuni Navoiy viloyatidagi 11-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan paytida ham uchrashgan.

D.Tajimuratov sud-tergov jarayonlarida va jazo muddatini o‘tash chog‘ida o‘ziga nisbatan qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari qo‘llanilmaganligini, faqatgina o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud hukmidan norozi ekanligini maʼlum qilgan.

"Yuqoridagi kabi masalalar yuzasidan munosabat bildirayotgan barcha mustaqil ekspertlar, xalqaro tashkilotlar va OAVdan eʼlon qilayotgan chaqiruv va postlarini tayyorlashda rasmiy maʼlumotlar va asoslantirilgan faktlarga tayanishlarini so‘raymiz", - deyiladi Ombudsman xabarida

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 90806 | Инструменты