Bojxona ma'muriyatchiligi yanada takomillashtiriladi

“Bojxona ma'muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF–250-son, 17.12.2025-y.) qabul qilindi.

Farmonga ko'ra, 2026-yil 1-martdan tovarlarni ular chegara o'tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda:

- bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig'imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi;

- bojxona to'lovlarini bo'lib-bo'lib (kechiktirib) to'lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.

2026-yil 1-maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to'lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to'lash imkoniyati yaratiladi.

Quyidagilar bo'yicha bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmaganda, bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik rasmiylashtiruvdan o'tkaziladi:

- yirik soliq to'lovchi tashkilotlar, davlat tashkilotlari
hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo'lgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan tashqi savdo yuklari;

- tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport qilinayotgan yuklar.

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va o'rta darajalarini egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga qo'shimcha quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi:

- bojxona to'lovlari va soliqlarni qaytarish, o'zaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlarni joriy etish;

- tovarlarni qadoqlash, o'rash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operasiyalarida qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab qilmaslik.

Farmonga ko'ra, Chegara qo'shinlari tomonidan shaxslarni pasport nazoratidan o'tkazishda quyidagi asoslarga ko'ra bojxona organlarini xabardor etish yo'lga qo'yiladi:
- bojxona organlari axborot tizimida shaxsning bojxona nazoratidagi avtotransport mavjudligi to'g'risida ma'lumot bo'lsa;

- shaxs bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganligi yoki buzish xavfi mavjud bo'lsa.

2026-yil 1-iyundan:

- tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo'lib-bo'lib to'lash imkoniyati yaratiladi;

- bojxona to'lovlari to'lanishini ta'minlashning bosh ta'minoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga pasaytirilgan miqdorda ta'minot taqdim etiladi.

2026-yil 1-iyuldan bojxona auditi doirasida:

- audit o'tkazilishi rejalashtirilgan tadbirkorga yo'l qo'ygan kamchiliklari to'g'risida oldindan xabar bergan holda tadbirkorning o'zi tomonidan ularni bartaraf etish imkoniyatini beruvchi “maslahatchi auditor” tamoyili yo'lga qo'yiladi;

- bojxona organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatida o'tkazilgan bojxona nazorati natijalari tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda inobatga olinadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122316 | Инструменты