Sanoqli kunlardan keyin bolajonlarning yozgi taʼtil mavsumi boshlanadi. Bu davrda ular sog‘lomlashtirish oromgohlarida hordiq chiqarishni xush ko‘radi. Ayni paytda ushbu dam olish maskanlari mavsumga shay holatga keltirilyapti.
Xo‘sh, maktab o‘quvchilari sog‘lomlashtirish oromgohlariga borishi uchun qanday tibbiy maʼlumotnoma talab etiladi?
— Avvalo, ushbu maskanlarga 7-14 yoshli bolalar qamrab olinishini aytish joiz, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Bolalikni muhofaza qilish bo‘limi bosh mutaxassisi Nilufar Mansurova. — Ular ketishdan bir necha kun oldin hududiy oilaviy poliklinika yoki oilaviy shifokor punkti yoxud oilaviy poliklinikada shifokor ko‘rigidan o‘tkaziladi hamda shundan keyin bolaning sog‘lig‘i to‘g‘risida 079 shakldagi maʼlumotnoma to‘ldiriladi.
Tibbiy ko‘rik vaqtida bolaning umumiy ahvoli baholanadi. U sog‘lom bo‘lsa, yaʼni oromgohga borishiga to‘sqinlik qiladigan hech qanday monelik aniqlanmasa, maʼlumotnoma rasmiylashtiriladi.
Mazkur hujjatda bolaning ism-sharifi, yoshi, yashash manzili, ota-onasining telefon raqami, taʼlim olayotgan maktabi va sinfi hamda qaysi hududiy poliklinikaga qarashliligi ko‘rsatiladi.
Shuningdek, maʼlumotnomada quyidagilar bo‘lishi kerak:
- sog‘lig‘i to‘g‘risidagi maʼlumot, yaʼni tashxisi (“D” nazoratida turgan bo‘lsa, o‘sha holatdagi tashxisi);
- umumiy allergik holati (biron bir narsaga allergiyasi mavjudligi);
- shu paytga qadar qaysi kasalliklarni o‘tkazgani (qizamiq, ko‘kyo‘tal, tepki, gepatit va hokazo);
- qoqshol hamda qizamiqqa qarshi oxirgi emlangan sanasi;
- jismoniy rivojlanishi va jismoniy guruhi (tavsiya etilgan tartibi ko‘rsatilgan holda).
Har bir bola hamshira tomonidan pedikulyoz bo‘yicha ham tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Sog‘liqni saqlash tizimi raqamlashtirilayotgan hozirgi davrda tibbiy maʼlumotnoma olish hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi.
Eslatib o‘tamiz, bolajonlarimiz oromgohlarda ham tibbiyot xodimlari nazoratida bo‘ladi. Barcha dam olish maskanlarida tibbiy punktlar tashkil etilib, ular malakali shifokor va hamshiralar hamda zarur dori-darmonlar bilan to‘liq taʼminlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52200 | Инструменты