Yangi Rim papasi Leo XIV Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarni Vatikan hududida o‘tkazishga tayyorligini tasdiqladi. Bu haqda papa bilan bo‘lgan telefon orqali suhbatdan so‘ng, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Meloni Leo XIV bilan suhbatda Ukrainada adolatli va barqaror tinchlikka erishish masalasini muhokama qilgan. U papa Leo XIVga ochiqligi va tinchlik yo‘lidagi sobit e’tiqodi uchun minnatdorlik bildirgan.
Papa bundan avval ham Vatikan qurolli mojaroni hal etishda vositachi bo‘lishga tayyorligini aytgan edi. Vatikan davlat kotibi Petro Parolin o‘shanda Ukraina bo‘yicha muzokaralar vaziyatini juda murakkab va fojiali deb baholagan edi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 18 may kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy papa Leo XIV bilan uchrashuvdan so‘ng, Vatikan Ukrainaga va Rossiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar uchun platforma bo‘lishga tayyorligini bildirgan edi.
O‘sha kuni Leo XIV rasman Rim papasi sifatida taxtga chiqqan edi. Vatikan hududida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda 250 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan, 100 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashgan.
Diniy marosim vaqtida so‘zlagan nutqida papa Ukrainani eslab o‘tgan va bu mamlakatga tinchlik muzokaralari oldinda turganini ta’kidlagan. Shuningdek, u Rossiya asirligida bo‘lgan ukrainalik harbiylarning ro‘yxatini qabul qilganini ham ma’lum qilgan.
19 may kuni esa Zelenskiy Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi yangi muzokaralar bo‘lib o‘tishi mumkinligi va unda Putin ham ishtirok etishi mumkinligi haqida gapirgan. Ushbu muzokaralar o‘tadigan ehtimoliy joylar sifatida Turkiya, Vatikan yoki Shveysariya ko‘rib chiqilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 52123 | Инструменты