Huawei 1
Bolalarni profilaktik emlashga qanday tayyorlash kerak?

Emlash — boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik samarali chora bo‘lib, infeksiya o‘choqlarini jilovlash va bartaraf etishda asosiy vosita hisoblanadi.

Shu bois yurtimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan bo‘lib, unga ko‘ra, bolalar 13 turdagi yuqumli kasalliklarga qarshi rejali emlanadi.

Xo‘sh, bu jarayonga ular qanday tayyorlanadi? Bola vaksina olgach, nimalarga eʼtibor berish lozim?

Shu kabi savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Dilorom Tursunova javob berdi.

— Vaksina olishga ko‘rsatma yoki qarshi ko‘rsatmalarni faqat shifokor aniqlaydi. U esa emlash masalasini hal qilish, aynan qaysi vaksinani olish, bolani bu jarayonga tayyorlash va undan keyingi kuzatuv bo‘yicha ota-onalarga kerakli tavsiyalar beradi.

Yaʼni, shifokor bolaning surunkali kasalliklari, avvalgi emlash preparatlariga reaksiyalari yoki asoratlari, dori vositalariga va oziq-ovqatlarga allergik reaksiyalari haqida qisqa so‘rov o‘tkazadi.

Shuningdek, suhbat davomida bola organizmining o‘ziga xos xususiyatlari (chala tug‘ilishi, tug‘ilishda olgan jarohatlar, talvasa), yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan yoki bo‘lmaganligi hamda eng so‘nggi emlashdan keyin qancha vaqt o‘tgani aniqlanadi.

Agar bola tana harorati ko‘tarilishi bilan kechuvchi o‘tkir yuqumli kasalliklar (shamollash, angina, bronxit, gripp, zotiljam) bilan og‘rigan bo‘lsa, qoidaga muvofiq ushbu muolaja u sog‘aygunga qadar qoldiriladi. Shu bilan birga, bolaning allergik reaksiyasi bo‘lsa, shifokor bilan avvaldan zarur qo‘shimcha choralar to‘g‘risida maslahatlashiladi.

Vaksina olishga bir necha kun qolganda yoki emlashdan keyingi ilk kunlari bolaga yangi turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini berish mumkin emas. Agar kichkintoy ko‘krak suti bilan oziqlantirilsa, ona o‘z ratsioniga yangi yeguliklarni kiritmagani maʼqul.

Emlashdan keyin odatda shifokor yoki hamshira ota-onalarga emlash xonasidan uzoq bo‘lmagan joyda 30 daqiqa kutib o‘tirishlarini tayinlaydi. Bu farzandni tinchlantirish hamda vaksinaga nisbatan reaksiyasi bo‘lgan hollarda unga kerakli yordam ko‘rsatish uchun zarur.

Shuningdek, mutaxassis zarur hollarda bolaga qancha dozada tana haroratini tushiruvchi vositalar berish mumkinligi va qanday belgilar kuzatilganda, shifokorga murojaat qilish kerakligi haqida maʼlumot beradi.

Emlashdan so‘ng bolaga ko‘proq suyuqlik ichirish lozim. Buning uchun gazlanmagan suv, achchiq bo‘lmagan choy, moychechak damlamasi tavsiya etiladi. Biroq sharbatlar mumkin emas. Chunki bu ichimlik vaksinadan keyin organizmning qarshi kurashini kuchaytirib, unga ko‘nikishini uzoqlashtiradi.

Qolaversa, vaksina olgach, (odatda 3 kun) odamlar yig‘iladigan joylarga borish, ko‘pchilik bilan muloqot qilish tavsiya etilmaydi. Ayniqsa, emlangandan so‘ng bolani yo‘tal, aksa urish, ich ketishi kabi yuqumli kasallik belgilari bo‘lgan odamlar bilan muloqotda bo‘lishining oldini olish zarur.

Bolaga ko‘proq vaqt ajratib, birgalikda o‘ynash, emlashdan keyin uning taomlanishi va qorni to‘qligiga eʼtibor berish kerak.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 50210 | Инструменты