Huawei 2
Bolani emizish ona organizmi uchun ham foydali

Ona suti bilan oziqlantirishning bola uchun foydasi haqida ko‘p gapiriladi. Ammo uning ona organizmi uchun ham foydali ekanini bilasizmi?

Agar ona ko‘zi yoriganidan so‘ng darhol emizishni boshlasa, uning tanasi ko‘p miqdorda oksitotsin gormonini ishlab chiqaradi. Bu esa bachadonning tezroq qisqarishiga yordam beradi, qon ketishini kamaytiradi va anemiyaning oldini oladi.

Emizish orqali qomatni ham meʼyorida ushlab turish mumkin. Sut ishlab chiqarish uchun organizm kuniga taxminan 200-500 kaloriya sarflaydi. Emizmaydigan ayol bu miqdordagi kaloriyani yoqish uchun kuniga suv havzasida kamida 30 yo‘lak suzishi yoki velosipedda bir soat davomida tepaga ko‘tarilishi kerak.

Demak, emizikli onalar homiladorlik paytida to‘plangan vaznni tezda yo‘qotish ehtimoli ko‘proq. Albatta, ozish boshqa omillarga — onaning to‘g‘ri ovqatlanishi, gormonal kasalliklarning mavjudligi yoki yo‘qligiga ham bog‘liq.

Ko‘pgina tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, emizikli ayollar tuxumdon va bachadon saratoniga kamroq moyil. Ushbu xavfli kasalliklar ko‘pincha emizmagan ayollarda uchrashi mumkin. Bu, ehtimol, takroriy ovulyatsiya sikllari va emizikli ayollarda ko‘proq miqdorda bo‘ladigan estrogen gormonining taʼsiri bilan bog‘liqdir.

Emizikli ayolda mastopatiya bilan bog‘liq vaziyat ham yaxshilanadi: shifokorlar ushbu kasallikning tabiiy davo chorasini, yaʼni chaqaloqni 3 yilgacha emizishni tavsiya qiladilar.

Emizish tug‘ruqdan keyingi depressiyani yengishga ham yordam beradi: emizikli ayolning organizmida ko‘p miqdorda neyropeptid gormonlari, shu jumladan quvonch gormoni — endorfin ham bo‘ladi. Ona farzandiga quvonch bilan g‘amxo‘rlik qilib, ruhiy qoniqish hissini tuyadi. Ammo, bu faqat 100 foizlik muvaffaqiyatli emizish holatidagina bo‘lishi mumkin.

Ona sutida mavjud bo‘lgan prolaktin gormoni tabiiy tinchlantiruvchi vositadir. Emizikli ona stressga kamroq moyil bo‘ladi va har xil kundalik muammolarga osonroq dosh beradi.

Emizishning foydalari bisyor, lekin chaqaloqni ko‘kragida ushlab turgan baxtli onaga va dunyodagi eng yaxshi, u uchun mo‘ljallangan ozuqani, eng kuchli himoyani olib, miriqib ona mehriga to‘yayotgan chaqaloqqa bir qarashning o‘zi kifoya. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62810 | Инструменты