Bosh vazir o'rinbosari Jamshid Qo'chqorov parlament palatalariga Inqirozga qarshi choralar dasturi bo'yicha axborot berdi
Bugun 20 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida parlament quyi palatasi deputatlari va Senati a'zolari ishtirokida yig'ilish o'tkazildi.
Yig'ilishda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari J.Qo'chqorov so'zga chiqib, Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmoni qabul qilganini, Bosh vazir A.Aripov raisligida Inqirozga qarshi jamg'arma tuzilib, unda 10 trillion so'm shakllantirilishini ma'lum qildi.
Yig'ilishda so'zga chiqqan Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari ushbu Farmon ayni o'z paytida qabul qilinganini to'la qo'llab-quvvatlab, o'zlari ham bir necha kundan beri hududlardagi saylov okruglarida mamlakatimiz Prezidenti belgilab bergan vazifalarga hamohang yo'nalishlarda ish olib borishganidan qoniqish hosil qilganliklarini ta'kidlab o'tdilar.
Farmon yuzasidan o'z fikrini bayon etgan deputatlar va senatorlar mazkur hujjatdagi har bir vazifa va topshiriq, reja va taklif zamirida, avvalo, inson manfaatlarini himoyalash maqsadi mujassam ekanini alohida qayd etdilar. Ko'p ming sonli saylovchilari nomidan davlat rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdilar.
Farmonning har bir bandida oddiy insonlar, shifokorlar, pedagoglar, tadbirkorlar, fermerlar, ishlab chiqaruvchilar, turizm sohasi vakillari va boshqa tarmoqlarning manfaatlarini himoyalashga qaratilgan kafolatlar aks ettirilgani parlament a'zolari tomonidan qayta-qayta tilga olindi. Eng muhimi, butun dunyo tahlikada yashayotgan bir pallada O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimiz konstitutsiyaviy huquqlarining kafili sifatida tamomila insonparvarlik mohiyati bilan yo'g'rilgan tarixiy hujjatga imzo chekkani tahsinga sazovor ekani alohida ta'kidlab o'tildi.
Yig'ilish ishtirokchilari qayd etganidek, davlatimiz rahbarining mazkur Farmoni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni rag'batlantirish, aholini samarali ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olishga qaratilgani bilan katta ahamiyatga ega bo'ldi.
Ushbu Farmon bilan Moliya vazirligi huzurida tashkil qilingan 10 trillion so'm miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg'armasi mablag'lari koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish bo'yicha bir qator tadbirlarni moliyalashtirishga yo'naltiriladi. Xususan, davolash va boshqa muassasalarni zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar, himoya vositalari va test tizimlari bilan ta'minlashga sarflanadi. Xavf-xatar ostida bo'lgan yoki virus yuqtirganlar bilan muloqotda bo'lgan shaxslarni karantinda saqlash bilan bog'liq xarajatlarni qoplash, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishda ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlarini moddiy rag'batlantirish, respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan himoya choralarini amalga oshirish xarajatlari uchun qo'shimcha mablag'lar ajratiladi. Bundan tashqari, jamg'arma mablag'laridan tadbirkorlik va bandlikni, aholini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni kengaytirish, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror faoliyat yuritishini ta'minlash kabi maqsadlarga ham mablag'lar ajratiladi.
Shuningdek, Prezidentimiz Farmoni bilan 2020 yil 1 apreldan 1 oktyabrgacha bo'lgan davrda mamlakatimizda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliqning oylik eng kam summasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 foiziga qadar kamaytirilishi belgilanmoqda. Alkogol mahsulotlarining ulgurji savdosi bilan shug'ullanuvchi korxonalarning ajratmalari miqdori 5 foizdan 3 foizga, umumiy ovqatlanish korxonalari uchun alkogol mahsulotlarini chakana sotish huquqi uchun yig'imlar miqdori belgilangan miqdorlardan 25 foizga kamaytiriladi.
2020 yil 1 apreldan 1 iyulgacha bo'lgan davrda turistik (mehmonxona) yig'imini hisoblash va to'lash to'xtatiladi. Qishloq xo'jaligidagi yerlarni sug'orish uchun foydalaniladigan hajmlar bo'yicha suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2020 yilda o'rnatilgan stavkalardan 50 foizga pasaytiriladi. 2019 yil uchun jismoniy shaxslarning jami yillik daromadlari to'g'risidagi deklaratsiyani taqdim etish muddati 2020 yil 1 avgustga qadar, ularning mol-mulk solig'i va yer solig'ini to'lash muddati 2020 yil 15 oktyabrga qadar uzaytiriladi.
O'zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli soliqlarni to'lash muddatlarini o'zgartirish, shuningdek, ularning stavkalarini kamaytirish to'g'risida qarorlar qabul qilish vakolati berildi. Mahalliy davlat hokimiyati organlari xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga mol-mulk solig'i, yer solig'i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to'lash bo'yicha foizlarni undirmasdan 6 oyga kechiktirish (bo'lib-bo'lib to'lash) taqdim etishiga ruxsat berildi.
2020 yil 1 oktyabrgacha bo'lgan davrda tashqi savdo operatsiyalari bo'yicha muddati o'tgan debitor qarzdorlik uchun xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga jarimalar qo'llash to'xtatiladi. Soliq organlari vaqtincha qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan xo'jalik yurituvchi sub'ektlarga mol-mulk solig'i, yer solig'i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo'yicha penyalar hisoblanishini to'xtatib turadi, shuningdek, soliq qarzini majburiy undirish choralarini ko'rmaydi. 2021 yil 1 yanvarga qadar tadbirkorlik sub'ektlarining faoliyatini soliq auditidan o'tkazish to'xtatildi (jinoyat ishlari doirasida va yuridik shaxsni tugatish munosabati bilan soliq auditidan o'tkazish bundan mustasno).
Majlis qatnashchilarining yakdil fikricha, bu kabi misli ko'rilmagan aniq va maqsadli choralar, aholi, tadbirkorlik sub'ektlari manfaatlarini o'ylab qilinayotgan ishlar mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni, salomatlikni saqlash, barqarorlikni ta'minlash, umuman, xalqimizning davlatdan rozi bo'lib yashashiga xizmat qilishi shubhasizdir. Shu nuqtai nazardan, deputatlar va senatorlar ham davlatimiz rahbarining ushbu tarixiy Farmonining mazmun-mohiyatini xalqimizga, saylovchilarga, tadbirkorlik sub'ektlariga yetkazish lozimligini ta'kidlagan holda, uning har bir bandida belgilangan vazifalar ijrosi so'zsiz ta'minlanishi ustidan samarali parlament nazoratini amalga oshirishga kelishib oldilar.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112213 | Инструменты