Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti tashkil etildi

Prezident qarori (PQ–5261-son, 16.10.2021-y.) bilan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada sanʼati instituti tashkil etildi.

Mazkur Institut davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanib, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi tarkibida faoliyat yuritadi.

Institut milliy estrada yoʻnalishi boʻyicha malakali mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlaydi.

Institutda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanib, taʼlim davlat granti hamda toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

2022/2023 oʻquv yilidan Institutga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika OTMga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab quyidagi yoʻnalishlar va mutaxassisliklar Konservatoriyadan Institutga oʻtkaziladi:

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari:
- Professional taʼlim: vokal sanʼati (estrada xonandaligi);
- Professional taʼlim: cholgʻu ijrochiligi (estrada cholgʻulari);
- Dirijyorlik: estrada orkestri dirijyorligi;
- Vokal sanʼati: estrada xonandaligi;
- Cholgʻu ijrochiligi: estrada cholgʻulari;
- Texnogen sanʼat: musiqiy ovoz rejissyorligi.

Magistratura mutaxassisliklari:
- Vokal sanʼati: estrada xonandaligi;
- Cholgʻu ijrochiligi: estrada cholgʻulari.

Shuningdek, Institutda 2022/2023 oʻquv yilidan quyidagi yoʻnalishlar va mutaxassisliklar yangi ochiladi:

Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari:
- Bastakorlik sanʼati;
- Sanʼatshunoslik: musiqashunoslik.

Magistratura mutaxassisliklari:
- Ovoz rejissyorligi: musiqiy ovoz rejissyorligi;
- Musiqa sanʼati.

Institut bitiruvchilariga oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi.

Izohlar: 15
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121500 | Инструменты