Huawei 1
Bu yil maktabni jami 399 ming 499 nafar o‘quvchi bitirdi

Bugun, 25-may sanasida O'zbekistondagi 10 ming 182 ta umumtaʼlim maktablarida so‘nggi qo‘ng‘iroq sadolari ostida bitiruvchilar qadrdon maktablari, jonajon ustozlari bilan xayrlashdi. Jami 399 ming 499 nafar o‘quvchi katta hayotga qadam tashlamoqda.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, umumtaʼlim maktablarida 399 ming 499 nafar 11-sinf,  592 ming  642 nafar  9-sinf  o‘quvchilari hamda maktab masʼullari ishtirokida «Ilm-saodat kaliti!» shiori ostida "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlari o‘tkazildi.

Tadbirda 3 million nafardan ortiq o‘quvchi, bitiruvchi sinflarning ota-onalari, mahalla faollari, nuroniylar va boshqa jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.  

So‘nggi qo‘ng‘iroqni yuqori saviyada o‘tkazish, o‘quvchilar xavfsizligini taʼminlash va jamoat tartibini saqlash maqsadida tavsiya va namunaviy ssenariy ishlab chiqilib, barcha maktablarga yetkazildi. Unga ko‘ra, barcha maktablarda tadbirlar soat 8:00 dan 9:00 ga qadar tavsiya etilgan namunaviy ssenariy asosida tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston prezidentining mamlakat umumtaʼlim maktablari bitiruvchi o‘g‘il-qizlariga murojaati (tabrigi) o‘qib eshittirildi.

Tadbirda namunali xulqli va aʼlo baholarga o‘qigan iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirish hamda ularning ota-onalarini "Eng faol ota", "Jonkuyar ona", "Masʼuliyatli ota-ona" kabi nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Qayd etish lozimki, 2023—2024 o‘quv yilida umumiy o‘rta taʼlim maktablarida  25 ming 259 nafar o‘quvchiga aʼlo darajali shahodatnoma beriladi. Maktabning 14 ming 778 nafar iqtidorli bitiruvchisi oltin va kumush medallar bilan taqdirlanadi (shundan 12620 nafari oltin va 2158 nafari kumush medal).

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122620 | Инструменты