Buxoroda eng asosiy masala – xizmatlarni rivojlantirish ekani taʼkidlandi.
Qayd etilganidek, sohani rivojlantirish muhandislik va farmatsevtikada 23 foiz, elektrotexnikada 30 foiz o‘sishni taʼminlaydi.
Buxoroda 584 ta mehmon uylari, 122 ta umumiy ovqatlanish, 18,5 mingta savdo, 30 ta salomatlik va fitnes markazlari bor. Lekin har ming kishiga oshxona va restoranlar soni Samarqanddan 10 karra kam.
Shofirkon aholisi 200 mingga yaqinlashib, viloyatda uchinchi o‘ringa chiqdi. Shunday bo‘lsa-da, tuman xizmat ko‘rsatish bo‘yicha viloyatda eng oxirgi o‘rinda.
Vobkent, Romitan, Jondor tumanlarida olib borilayotgan namunali ishlarni qayd etib, Prezident boshqa tumanlarda tashabbuskorlik ko‘rinmayotgani, markaziy ko‘chalar va massivlarga yangi qiyofa olib kirish sustligi bo‘yicha qatʼiy eʼtiroz bildirdi.
Xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsadida viloyatdagi 62 ta massiv va 54 ta ko‘chani rivojlantirish chora-tadbirlari tasdiqlandi.
Bu ko‘chalar ovqatlanish, salomatlik, mehmonxona, hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi, ularda 4 ming nafar tadbirkor uchun sharoit yaratiladi va 6 ming aholi bandligi taʼminlanadi. Ularda kamida 5 ta xalqaro mehmonxona hamda ovqatlanish tarmoqlarini joylashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, Prezident sanoat zonalarida yer ajratishni yengillashtirish, bunga xizmat ko‘rsatishni ham qo‘shish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Har bir tumandan sanoat va xizmat ko‘rsatishga 20 gektardan yerlarni belgilab, loyihalarni amalga oshirishga ko‘rsatma berildi.
Bundan buyon qurilgan xizmat ko‘rsatish joylarini sotib olish uchun alohida kredit turi yo‘lga qo‘yiladi. Mutasaddilarga “xizmat ipotekasi”ni joriy qilib, kredit ajratishni boshlash topshirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11512 | Инструменты