Huawei 1
Buxoroda XXI an’anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivali bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 6-8-iyun kunlari Buxoro shahrida XXI an’anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivali o‘tkazildi.

Turizm qo‘mitasi, Buxoro viloyati va shahar hokimliklari, viloyat turizm boshqarmasi, “Hunarmand” uyushmasi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etiladigan bu yilgi festival o‘tgan yillardagiga nisbatan yanada yuqori saviya va o‘zgacha ruhda o‘tdi. Festivalda 10 ga yaqin xorijiy davlatlardan 50 nafardan ortiq hamda respublika hududlaridan 350 nafardan ortiq mahalliy hunarmandlar ishtirok etdi.   

“Ipak va ziravorlar” festivali an’anaviy milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, uni xalqaro miqyosida keng targ‘ib qilish, hunarmandlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, hunarmandchilik va turizmni yanada ravnaq toptirish hamda Buxoro viloyatini jahon sayyohlik markazlaridan biriga aylantirish yo‘lida xizmat qiladi.   

Festival Buxoroda yigirma yildan ortiq vaqtdan buyon o‘tkazib kelinmoqda. Bu davr mobaynida ushbu festival xorijiy va mahalliy mehmonlar orasida yetarlicha shuhrat qozonib ulgurdi. Xususan, XXI “Ipak va ziravorlar” festivaliga tashrif buyurgan 50 mingdan ortiq xorijiy va mahalliy sayyohlar festivalni Buxoroning boy madaniy merosi va samimiy mehmondo‘stligini yaqqol his qilish uchun noyob imkoniyat deb baholashdi.   

Bayram tadbirlari arafasida Buxoroga tashrif buyurgan xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjuman davomida festival tashkilotchilari tomonidan bayram dasturi bo‘yicha ma’lumot va OAV vakillarini qiziqtirgan savollariga javoblar berildi.   

Festivalning birinchi kuni ishtirokchilar va mehmonlarning “Ark” qo‘rg‘onidan “Labi hovuz” majmuasigacha bo‘lgan masofada tantanali yurishidan boshlanib, so‘ng “Labi hovuz” majmuasida festivalning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.   

XXI “Ipak va ziravorlar” festivali dasturidan milliy ansambllar chiqishlari, yurtimizning barcha hududlari ipak mahsulotlari va ziravorlari xalqaro ko‘rgazmasi hech kimni befarq qoldirmadi. Shu bilan birga, Buxorodagi tadbir doirasida hunarmand ustalar ishlari namoyish etildi. Bundan tashqari, turli mahorat darslari, milliy o‘yinlar va ko‘ngilochar tadbirlar, tasviriy va amaliy san’at galereyasi ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.   

Barcha viloyatlarning folklor jamoalarining yosh va iqtidorli san’atkorlar ishtirokida o‘tgan gala-konsert hamda mahalliy va xorijiy dizaynerlar ishtirokida “Silk&Spices Fashion days” maxsus modalar namoyishi tadbirning yanada ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishiga xizmat qildi.   

Shuningdek, Buxoroning turli hududlaridan tashrif buyurgan mohir oshpazlar festival doirasida tashkil etilgan “Palov sayli” milliy taomlar tanlovida turli xil taomlar bilan viloyatning gastronomik salohiyatini targ‘ib etish hamda osh tayyorlash uslublarini namoyish etishdi. Har bir ishtirokchi o‘z hududiga xos bo‘lgan mazali taomlarni tayyorlab, mehmonlar va hakamlar hay’atiga taqdim etdi.   

XXI an’anaviy xalqaro “Ipak va ziravorlar” festivali yakunida barcha ishtirokchilar va tadbirni yoritgan OAV vakillari tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 60901 | Инструменты