Huawei 1
Buxoroda yangi aeroport qurish loyihasiga $226 mln sarflanadi

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Buxoro viloyatida yangi aeroport qurish loyihasi narxini tushuntirdi. 

Joriy yilning 31-may kuni Transport vaziri Ilhom Mahkamov davlat rahbariga viloyatning Buxoro tumanida qurilishi rejalashtirilayotgan yangi xalqaro aeroport loyihasini taqdim etdi. Umumiy qiymati $226 mln bo‘lgan loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.

“Bu „greenfield project“, ya’ni yangi hududni o‘zlashtirishni bildiradi. Birgina aeroportni tekislash va rejalashtirishga ko‘p vaqt sarflanadi, shuningdek, infratuzilmani ta’minlashga ham: yo‘llar, gaz, elektr energiyasi va boshqalar. Bu shahar tashqarisidagi [aeroport]. Yangi minishahar deyish mumkin”, — dedi Jasurbek Choriyev.

Yil boshida prezident bilan uchrashuvda Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlarini modernizatsiya qilish va xususiy boshqaruvga o‘tkazish rejalari ma’lum bo‘lgandi.

May oyida Transport vazirligi va Saudiya Arabistonining “Vision Invest” kompaniyasi o‘rtasida DXSh doirasida Andijon aeroportini rekonstruksiya qilish va boshqarish bo‘yicha takliflarni olti oy davomida o‘rganish va tayyorlash uchun dastlabki kelishuv imzolangandi.

Avgust oyida Urganch aeroportini boshqaruvga topshirish bo‘yicha tender boshlandi. Operator yangi ma’muriy, yuk va yo‘lovchi terminali, uchish-qo‘nish yo‘lagi va boshqa obyektlarni qurishi kerak.

“Urganch aeroporti bo‘yicha allaqachon [tender] e’lon qilganmiz. Buxoro uchun esa yechim allaqachon mavjud — u yerda yangi aeroport quriladi. Namanganda DXSh asosidagi loyiha amalga oshiriladi. Yil oxirigacha [tender e’loni] bo‘ladi”, — dedi transport vaziri o‘rinbosari.

Bundan tashqari hujjat bilan quyidagi aeroportlarni modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish bo‘yicha ham kelishuvlarni amalga oshirish belgilangan:

- Urganch xalqaro aeroporti — 2025-yilning ikkinchi choragigacha (loyihaning dastlabki qiymati $181 mln);

- Namangan xalqaro aeroporti — 2025-yilning to‘rtinchi choragi ($140 mln);

- Andijon xalqaro aeroporti — 2025-yilning to‘rtinchi choragi ($136 mln).

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91612 | Инструменты