Huawei 1
Markaziy Yevropa suv toshqini bilan kurashmoqda

“Boris” bo‘roni tufayli yuzaga kelgan kuchli yomg‘irlar Markaziy va Sharqiy Yevropada halokatli oqibatlarga olib keldi. Daryolarda suv sathi ko‘tarilib, minglab uylar suv ostida qoldi. Avstriya, Polsha va Ruminiyada bir necha kishi tabiiy ofat qurboni bo‘ldi.

Ruminiya, Polsha va Avstriyada halok bo‘lganlar

Avstriyada fuqarolarni suv toshqinidan qutqarish operatsiyasi davomida bir o‘t o‘chiruvchi halok bo‘ldi, deb yozadi Reuters. Vena atrofidagi hudud falokat zonasi deb e’lon qilingan, mahalliy hokimiyat “misli ko‘rilmagan ekstremal vaziyat” haqida gapirmoqda. Polshada suv toshqini oqibatida bir kishi halok bo‘lgan.

“Boris” bo‘roni sababli Ruminiyada to‘rt kishi hayotdan ko‘z yumgan. Chexiyada suv toshqini tufayli ba’zi hududlarda evakuatsiya e’lon qilingan. Chexiyaning CEZ energetika kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat shimolidagi 51 mingga yaqin xonadon elektr ta’minotida uzilishlarga uchragan. Pragada suv toshqinlariga qarshi to‘siqlar qurilgan.

Biz yana Yevropa qit’asida tobora ko‘proq ta’sir ko‘rsatayotgan iqlim o‘zgarishi oqibatlariga duch kelmoqdamiz — fojiali oqibatlarga, dedi Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis.

Iqlim o‘zgarishi tufayli Yevropada, dunyoning boshqa ko‘plab qismlarida bo‘lgani kabi, ekstremal yog‘ingarchilik ehtimoli ortib bormoqda. Iliqroq atmosfera ko‘proq namlikni ushlab turishi mumkin, bu esa kuchli yomg‘ir yog‘ishiga olib keladi.

Ruminiyaning Galas hududidagi Sloboziya-Konaki qishlog‘i meri Emil Dragomir 700 ta uy suv ostida qolganini aytgan.

Bu epik miqyosdagi halokat, dedi Dragomir.

U Polshaning janubi-g‘arbidagi Gluxolaza shahrida daryo qirg‘oqdan chiqib, ko‘chalarni suv bosayotganini ma’lum qilgan.

Chexiya va Ukrainada suv toshqini

Chexiya janubidagi to‘g‘on yorilgan. Atrof-muhit vaziri Pyotr Xladik eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar aholisini o‘z uylarini tark etishga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. Rasmiylar qum qoplaridan yasalgan himoya devorlari va metall to‘siqlar o‘rnatmoqda. Mamlakatning ikki oliy ligasida dam olish kunlariga belgilangan futbol o‘yinlari bekor qilingan.

Ukraina temiryo‘llari vakillarining ma’lum qilishicha, Polsha va Chexiyada suv toshqinlari tufayli Ukrainaga bir qator poyezdlar harakati bekor qilingan. Pragadan Chopa va Peremishlgacha bo‘lgan poyezdlar hali ham Chexiyada bo‘lib turibdi va Ukrainaga ulanish reyslariga ulgurmayapti.

Ukrainadan Praga yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchilarga Chexiya yoki Polsha temir yo‘l operatori bilan bog‘lanish va reyslar jadvalini aniqlashtirish, shuningdek, har ehtimolga qarshi tutash shaharda tunashni rejalashtirish tavsiya etiladi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91903 | Инструменты