Joriy yilning 19–21-iyun kunlari tashkil etilgan “Eco Expo Central Asia 2025” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida Davlat ekologik ekspertizasi markazi o‘z pavilioni bilan ishtirok etdi.
Bundan asosiy maqsad — Davlat ekologik ekspertizasi markazining xalqaro imijini mustahkamlash, ekologik baholash jarayonlarida ilg‘or yondoshuvlarni namoyish etish va xalqaro hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat.
Pavilion shartli ravishda ikki kontrast zonaga bo‘lingan: birinchi qismi — “Ekologik ekspertizadan oldin”. Bu zonada ekologik muammolar, nazoratsiz sanoat faoliyati oqibatida yuzaga kelgan ifloslanish holatlari tasvirlangan. Ikkinchi qismi esa “Ekologik ekspertiza asosidagi rivojlanish” bo‘lib, barqaror, texnologik va ekologik jihatdan xavfsiz sanoat modeli namoyish etilgan. Bu kelajak sari yo‘nalgan ekologik rivojlanishni aks ettiradi.
Bu ikki hududni ajratib turuvchi markaziy element — tabiatni ifoda etuvchi ramziy daraxt bo‘lib, u yarim qurigan, yarim yashil holda transformatsiya g‘oyasini ifodalaydi.
Ushbu pavilyonda Davlat ekologik ekspertizasi xulosalari asosida sanoat korxonalari uchun belgilangan asosiy ekologik talablar — chang-gaz tozalash uskunalari, lokal oqova suv tozalash tizimlari, atmosfera havosini ifloslantiruvchi doimiy manbalarda o‘rnatiladigan avtomatik stansiyalar hamda “yashil belbog‘”larning texnologik maketlari namoyish etildi.
Ko‘rgazma doirasida pavilyonga qator xalqaro va milliy tashkilot vakillari tashrif buyurdi. Jumladan:
• Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya (CITES) Bosh kotibi Ivonne Iguero
• Biosalin xalqaro qishloq xo‘jaligi markazi (ICBA) Bosh direktori Tarifa al-Zaabi
• BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl
• Qozog‘iston Respublikasi Ekologiya vaziri Yerlan Nuralievich Nysanboev
• Turkmaniston Tabiatni muhofaza qilish vaziri o‘rinbosari Nury Jumashov
• Italiya Atrof-muhit va energetik xavfsizlik vazirligining katta eksperti, BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasining Ekologik siyosat bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Alessandra Fidanza va boshqalar.
Ko‘rgazma davomida 20 ga yaqin xalqaro va mahalliy tashkilotlar bilan atrof-muhitga ta’sirini baholash hamda ekologik ekspertiza bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalasida muzokaralar olib borildi.
Shundan, 5 ta tashkilot vakillari bilan seminar-treninglar tashkil etish va uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shu bilan bir qatorda, 80 ga yaqin xo‘jalik yurituvchi subyektlarga atrof-muhitga ta’sirini baholash va ekologik ekspertiza talablari bo‘yicha batafsil tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, ko‘rgazma doirasida 21-iyun kuni atrof-muhitga ta’sirni baholash, ekologik ekspertiza va strategik ekologik baholash mexanizmlarini amaliyotga keng joriy etish bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda 50 ga yaqin tinglovchilar ishtirok etdi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan tashkil etilgan stendda ekologik ekspertiza sohasidagi yutuqlar, interaktiv taqdimotlar, mahorat darslari, zamonaviy texnologiyalar hamda milliy-madaniy unsurlar uyg‘un tarzda namoyish etildi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi tomonidan tashkil etilgan pavilyon 2000 dan ortiq tashrif buyuruvchini o‘ziga jalb etdi.
Ko‘rgazma tashkilotchilari tomonidan markazning faol ishtiroki yuqori baholanib, Davlat ekologik ekspertizasi markazi 1-o‘ringa loyiq deb topildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 62418 | Инструменты