Huawei 1
Davlat mulkini xususiylashtirish tartibi o‘zgarmoqda

Senatning ellik yettinchi yalpi majlisida “Davlat mulkini boshqarish sohasi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, O'zbekistonda davlat mulkini boshqarish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, qulay investitsiya muhitini yaratish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Qonun bilan bir qator qonunlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, xususiylashtirilmaydigan davlat mulkini, shuningdek davlat tashkilotini xo‘jalik jamiyati etib o‘zgartirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran va ushbu jarayon yakunlanguniga qadar mazkur davlat tashkilotiga operativ boshqaruv huquqi asosida biriktirilgan davlat mulki garovga berilmasligini belgilovchi norma kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Homiylik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirishlar kiritilib, ustav fondidagi (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlarining homiylikka sarflanadigan har yilgi xarajatlari o‘tgan yilda olingan sof foydaning 3 foizidan oshmasligi kerakligi qayd etilmoqda.

Shuningdek, mazkur xarajatlar ular biznes-rejasining o‘tgan hisobot davridagi sof foydaga taalluqli qismi ko‘rsatkichlari bajarilganda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi davlat mulkini boshqarish sohasini takomillashtiradi. Maxsus vakolatli organning vakolatlari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilash orqali xususiy mulkchilik kengaytiriladi. Xususiylashtirish jarayonlari ochiq va oshkora bo‘lishini taʼminlaydi.

Qizg‘in kechgan muhokamadan so‘ng qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92113 | Инструменты