Huawei 1
“Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat fuqarolik xizmatini yangi yondashuvlar asosida tashkil etish hamda professional va natijadorlikka yo‘naltirilgan davlat xizmatchilari korpusini shakllantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat xizmatchilarining o‘z ko‘nikmalarini doimiy rivojlantirib borishi hamda ular o‘rtasidagi o‘zaro muloqotni kuchaytirish bo‘yicha “Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi ishga tushiriladi:

“Davlat xizmatchisi” mobil ilovasi orqali:

- masofaviy tarzda davlat xizmatchilarining kompetensiyalarini rivojlantirish va malakasini oshirish hamda bu borada statistik maʼlumotlarni shakllantirish;

- davlat xizmatchilari tomonidan davlat organi ish faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tashabbuslar berish hamda rahbar tomonidan ularga munosabat bildirish;

- davlat xizmatchisining shaxsiy rivojlanish rejasini tuzish, uning bajarilishini monitoring qilish;

- xodim to‘g‘risidagi maʼlumotlar bazasini yaratish mumkin bo‘ladi.

Farmonga ko‘ra, davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularga “halollik vaksinasi”ni singdirish hamda ushbu borada preventiv mexanizmlarni joriy etish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Rahbar kadrlarni baholash markazi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan birgalikda:

- Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining buyurtmasi asosida rahbarlik lavozimlarida ishlayotganlar va ushbu lavozimlar uchun zaxirada turganlarning korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash mexanizmini joriy etadi;

- davlat xizmatchilarida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni singdirish bo‘yicha qadriyatlar tizimini shakllantirish yuzasidan tadqiqotlar olib borish asosida taʼsirchan chora-tadbirlarni joriy etishga oid takliflarni ishlab chiqadi;

- korrupsiyaga qarshi barqarorlik darajasini baholash uslubiyatini takomillashtirib boradi.

2025 yil 1 oktyabrdan boshlab davlat xizmatchilarining xorijiy va ichki xizmat safarlarini tashkil etish, hisobini yuritish va tahlilini olib borish “hrm.argos.uz” elektron tizimi tarkibidagi “Xizmat safari” yagona moduli orqali amalga oshiriladi.

Bunda:

- xizmat safari rejasi va natijalari, geografiyasi, xodimlar soni hamda xarajatlarni onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratiladi;

- xizmat safarlarining muayyan davlat organining faoliyati samaradorligiga bevosita, oraliq va yakuniy taʼsiri monitoring qilib boriladi;

- davlat xizmatchilari har bir xorijiy xizmat safarlari yakunlari bo‘yicha hisobot topshiradi hamda hisobot asosida xizmat safarining samaradorligi baholab boriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62021 | Инструменты