SSV Matbuot xizmati stressning sabablari, uning inson organizmiga taʼsiri va boshqa jihatlari to‘g‘risida Milliy tibbiyot markazi direktori Maqsud Saidov bilan suhbat uyushtirgan edi. Quyida ushbu suhbatning davomi bilan tanishishingiz mumkin.
— Stress qanday kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin?
— Tan olish kerak, stressning foydali jihatlari ham bor. Sababi, bu himoya mexanizmi bizga inqirozli, ekstremal vaziyatlarda omon qolishga yordam beradi. Biroq bu holat doimiy ravishda ro‘y berishi organizmga jiddiy zarar yetkazadi. Xususan, yurak-qon tomir tizimiga yuklama ortadi, hujayrlarning qarishi tezlashadi, — deydi mutaxassis.
Qolaversa, doimiy stress insonning immun tizimini zafilashtiradi. Buning oqibatida esa “uxlab yotgan” kasalliklar qo‘zg‘aladi, mavjudlari esa kuchayadi. Stress gormonlarining betartib ishlab chiqarilishi qandli diabet rivojlanishi, yuzda toshmalar paydo bo‘lishi, soch to‘kilishi, keskin ozib ketish, oshqozon yarasi va boshqa jiddiy patologiyalarga olib kelishi mumkin.
Bundan ko‘rinib turibdiki, stress ko‘pchilik o‘ylagandek ruhiy holatga emas, balki turli fiziologik o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan reaksiyadir.
— Stressdan qutilish uchun nimalarga amal qilish kerak?
— Birinchi navbatda, inson stressning asl mohiyatini anglashi, yaʼni uni ko‘zg‘atuvchi omillarni aniqlab, ularning oldini olishi kerak. Stressli vaziyatga tushib qolsangiz, vahima bosishiga yo‘l qo‘ymang, chuqur nafas olib, tinchlanishga harakat qiling.
Bundan tashqari, muntazam jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish tavsiya etiladi. Sababi jismoniy faollik “baxt” gormonlari ishlab chiqarilishiga yordam beradi va insonning kayfiyatini ko‘taradi.
Stressning oldini olishda sog‘lom uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish, yaʼni foydali vitamin va minerallarga boy bo‘lgan mahsulotlarni ko‘proq isteʼmol qilish ham muhim rol o‘ynaydi.
Agar stressdan mustaqil ravishda qutila olmasangiz, yordam so‘rab yaqinlaringiz yoki shifokorga murojaat qilishdan tortinmang.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122310 | Инструменты